ShHT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qaysi?
Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Rustam Hasanov fikr bildirdi:

«Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Samarqand sammitida aʼzo mamlakatlar sifatida hamkorlik qilayotgan 15 davlat rahbarlari va o‘nta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadi.
Ushbu sammit geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatning hozirgi holatini hisobga olgan holda, alohida ahamiyatga ega bo‘lib, tashkilot rahbarlari uchun global kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun o‘z vaqtida va samarali platforma yaratilishi kutilmoqda. Sammitda muhokama qilinadigan eng muhim masalalardan biri iqtisodiy hamkorlikni yangi jabhalarini belgilab olishga qaratiladi.
Bugungi kunda Jahon iqtisodiyotining yangi sharoitida O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda.
2021 yil yakunlariga ko‘ra, ShHTga aʼzo tashqi savdoning o‘sishi 33 foizga oshib, 8 trillion dollardan oshdi va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi ichki savdo aylanmasi qariyb 40 foizga o‘sib, 768 milliard dollarni tashkil etdi (MOXI maʼlumotlari). Bu ko‘rsatkichlar, ayniqsa, YAIM 50-100 milliard dollargacha bo‘lgan aʼzo mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkinligini anglatadi.
Mamlakatimizning investitsiya imkoniyatlarini oshirish, ShHT davlatlari o‘rtasida kapital almashinuvini yangi bosqich va miqdorga ko‘tarish, ushbu masala bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, ikki tomonlama manfaatlarni ro‘yobga chiqarish hamda iqtisodiy islohotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi», — deydi professor.
Uning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning “iqtisodiy” tashabbuslari qatorida SHHT ishbilarmonlar Kengashi doirasida o‘zaro sarmoyalarni ilgari surish bo‘yicha global moliyaviy-iqtisodiy tahlikalarni yumshatishga qaratilgan qo‘shma harakat rejasini ishlab chiqishi turmush darajasining keskin pasayib ketishini oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va iqtisodiy yuksalishga erishish hisobidan aholi turmush farovonligini oshirish chora-tadbirlarini qamrab oladi.
Sammitda ShHTning mintaqalararo savdoni rivojlantirish dasturi imzolanishi rejalashtirilgan. Bunda, har bir aʼzo mamlakatning ichki imkoniyatlari va tashqi hamkorlik omillari nafaqat o‘zaro savdo-sotiqni, shu bilan birga milliy ishlab chiqarish yo‘nalishlarining transformatsiya qilinishiga erishish mumkin bo‘ladi. Natijada o‘zaro savdo-sotiqni tovarlar va xizmatlar nomenklaturasining kengayishi, tarkibining yana-da yangilanishi va tashkilotning barcha aʼzolarining iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
R.Hasanov ShHTga aʼzo davlatlar farovonligini rivojlantirish uchun O‘zbekiston tomonidan sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha taklif etilgan dasturning qabul qilinishi, iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishida o‘zgarishlarni taʼminlab, ishga solinmagan ishlab chiqarish salohiyatini yuzaga chiqarish, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini yaratish, yangi ish o‘rinlarini barpo etish, jumladan xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda uchinchi mamlakatlarga qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksportining tarkibini kengaytirish imkonini berishini alohida taʼkidladi.
«Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ShHTga aʼzo davlatlarning asrlar davomida "Buyuk Ipak yo‘li" bilan birlashgan, Sharqdan G‘arbga va G‘arbdan Sharqqa tovarlar hamda xizmatlar ayirboshlanuvini taʼminlovchi transport arteriyasini shakllantirish va ishga tushirish o‘zaro bog‘liqlikdagi ulkan salohiyat mavjudligini real voqelikka aylantiradi. Bu yo‘nalishda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l aloqasi loyihasini amalga oshirish juda istiqbolli hisoblanadi.
Shu bilan birga, zamonaviy sharoitda O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligi tashabbusini, shu jumladan, Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar temir yo‘lini qurishni faol ravishda ilgari surmoqda. Bu nafaqat ShHTga aʼzo davlatlarning logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan qayta qurish va Shimoliy-Janubiy yo‘nalishdagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
ShHTga aʼzo davlatlarning o‘zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish va samarali transport logistikasini yaratish uchun konseptual loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan yo‘l xaritasini qabul qilishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu aʼzo davlatlarning ShHTning transport va tranzit salohiyatini ochilishiga imkon yaratadi, savdoda yangi bozorlarni qamrab olish geografiyasini kengaytirish, yangi bozorlar uchun ishlash taʼsirida ishlab chiqarish turlarining rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Natijada, yangi manfaatlar qondirilishi uchun texnik-texnologik hamkorlik ko‘chayib, iqtisodiy aloqalarning yangi va kengaytirilgan zamonaviy turlari qaror topadi», — deydi u.
Umuman olganda, ShHT aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan bir qator konseptual hujjatlarning ahamiyati va sonini hisobga olgan holda, sammit natijalari ShHT faoliyatida yangi davrni boshlab beradi.







