O'zbekiston "Qiyomat kuni ombori"ga 20 dan ortiq ekin urug'ini topshirdi
Butunjahon urugʻ ombori tabiiy ofatlar, global mojarolar, moliyaviy inqirozlar yoki texnologik nosozliklar kabi global tahdidlar ostida ham oʻsimlik turlarining yoʻqolib ketish xavfini minimallashtiradigan muhim xalqaro tashabbus hisoblanadi.

O‘zbekiston Norvegiyaga qarashli Shpitsbergen arxipelagida joylashgan Butunjahon urug‘ omboriga 20 dan ortiq qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini topshirdi. "Qiyomat kuni ombori" deb ham ataladigan ushbu obyektga o‘zbek dehqonchiligining noyob merosi bo‘lgan urug‘lik namunalari jo‘natilgan.
Urug‘lar to‘plamiga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va boshqa 20 dan ortiq mahalliy navlar kiritilgan. Bug‘doyning "Qayroqtosh" navi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bu O‘zbekistonning an'anaviy qishloq xo‘jaligi merosini ifodalaydi.
Shpitsbergen arxipelagidagi Butunjahon urugʻ ombori tabiiy ofatlar, global mojarolar, moliyaviy inqirozlar yoki texnologik nosozliklar kabi global tahdidlar ostida ham oʻsimlik turlarining yoʻqolib ketish xavfini minimallashtiradigan muhim xalqaro tashabbus hisoblanadi.
Mahsulotlarni dunyodagi eng yirik va xavfsiz urug‘lik omboriga yetkazib berish tashabbusi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Shimoliy genetik resurslar markazi (NordGen) hamkorligida amalga oshirildi.
Bu jarayon respublikaning qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarida muhim bosqich bo‘ldi.
Shpitsbergendagi Butunjahon urug‘ ombori Arktika abadiy muzlik zonasida joylashgan bo‘lib, Selsiy bo‘yicha 18 daraja sovuqda doimiy haroratda ishlaydigan global gen bankidir. Hozir bu yerda butun dunyodan 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunasi saqlanmoqda.







