Markaziy Osiyoda bolalar o‘limi bo‘yicha yetakchi davlat aniqlandi
Mintaqadagi aksariyat davlatlarda o‘g‘il bolalar o‘limi qizlarga nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda.

2024-yil yakunlariga ko‘ra bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi bo‘yicha Turkmaniston Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Dunyo miqyosida esa har ming tirik tug‘ilgan chaqaloqdan o‘rtacha 28,3 nafari bir yoshga yetmay vafot etgan.
Global ko‘rsatkichlar mamlakatlar o‘rtasidagi keskin tafovutni namoyon etadi: rivojlangan davlatlarda bu raqam ming bolaga 2 nafardan kam bo‘lsa, iqtisodiyoti qoloq mamlakatlarda 80 nafardan ham ortmoqda. Eng past daraja Sloveniya va Singapurda qayd etilib, bu davlatlarda chaqaloqlar o‘limi ming tug‘ilgan chaqaloqqa 1,5 nafarni tashkil etgan.
Afg‘oniston, Somali va Markaziy Afrika Respublikasi esa eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichlariga ega bo‘lib, bu tibbiy xizmat sifati, sanitariya, ona-bola salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligidagi jiddiy muammolardan dalolat beradi.
2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlaridagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Qozog‘iston — 8,0 (82-o‘rin)
- O‘zbekiston — 18,2 (143-o‘rin)
- Tojikiston — 21,7 (155-o‘rin)
- Qirg‘iziston — 24,5 (167-o‘rin)
- Turkmaniston — 35,9 (197-o‘rin)
Qozog‘iston mintaqada eng past, Turkmaniston esa eng yuqori ko‘rsatkichga ega. O‘zbekiston Markaziy Osiyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqoriroq o‘rinda qayd etilgan.
Mintaqadagi aksariyat davlatlarda o‘g‘il bolalar o‘limi qizlarga nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu biologik omillar (erta tug‘ilish ehtimoli yuqoriligi, nafas olish muammolari, immunitetning sustligi) bilan bog‘liq.
2024-yil ko‘rsatkichlari:
- Qozog‘iston: o‘g‘il 8,9 / qiz 7,0
- O‘zbekiston: o‘g‘il 21,1 / qiz 15,1
- Tojikiston: o‘g‘il 24,3 / qiz 18,9
- Qirg‘iziston: o‘g‘il 28,6 / qiz 20,2
- Turkmaniston: o‘g‘il 43,6 / qiz 27,7
Gender farqlari ba’zi davlatlarda ijtimoiy omillar — tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati, onalarning salomatligi va oziqlanish darajasi bilan ham bog‘liq.







