OAV erkinligi demokratiyaning ustuni — Timoti Smart
Zamon.uz muxbiri Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisidan mamlakatdagi jurnalistlar va so‘z erkinligi haqidagi fikrlariga qiziqdi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston so‘z va jurnalist erkinligi borasidagi xalqaro indekslarda bir muncha pastladi. Xalqaro OAV O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga turli xil bosimlar bo‘layotgani haqida yozmoqda. Xo‘sh Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi mamlakatdagi so‘z va jurnalist erkinligini qanday baholaydi. Zamon.uz muxbiri Majidov Shohjahon elchidan javob oldi.
Timoti Smartga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi har bir mamlakat OAV erkinligi borasida o‘ziga xos muammolarga duch kelmoqda. Bugungi global geosiyosiy vaziyat sharoitida ommaviy axborot vositalariga bosimlar mavjud.
Uning aytishicha, shunday vaziyatda ular hamkorlar sifatida bir joyga to‘planib, o‘zaro quyidagi savollarga javob izlaydi: mamlakatlarida media erkinligini qanday kafolatlashlari mumkin? Ular bir-biridan nimalarni o‘rganishi mumkin? Qanday qilib bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash mumkin? YXHT imkoniyatlaridan foydalanib, bu erkinlikni qanday mustahkamlashlari mumkin?
“O‘zbekistondagi islohotlar meni doim hayratga soladi. Prezident islohotlariga, aslini olganda, to‘qqiz yil bo‘ldi va bu yosh demokratik jarayondir. Shunday ekan, ha, men OAV erkinligini yana-da kengaytirishga chaqirgan bo‘lardim. Bu – demokratiyaning asosiy ustunidir va umid qilamanki, bugun biz bu haqda gaplashib, vaziyatni yaxshilash uchun qanday hamkorlik qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi u.
Oxirgi uch yilda Buyuk Britaniyaga o‘zbekistonlik ishchilarning borishi ham sezilarli darajada oshdi. Zamon.uz muxbiri elchidan ikki mamlakat o‘rtasida mavsumiy ishchilar sonini oshirish bo‘yicha qanday kelishuvlarga erishilayotganini so‘radi.
Elchi Timoti Smartning aytishicha, mavsumiy ishchilar soni tijoriy talablar oshishi bilan yana yangi kelishuvlar imzolanadi.
“Bu jarayon tijoriy talabga asoslangan, yaʼni agar fermerlar, ish beruvchilar ko‘proq o‘zbekistonlik ishchilarga ehtiyoj sezsalar, ular ko‘proq ishchi kelishini so‘rashlari mumkin. Ishchilar soni ana shunday o‘zgarib turadi. Bu tijoriy talabga bog‘liq”, — dedi elchi.
Unga ko‘ra, hozirda Buyuk Britaniyada minglab o‘zbekistonliklar turli ferma, zavod va boshqa joylarda mehnat qilmoqda. Britaniyaga mavsumiy ishchilar kerak va o‘zbekistonlik migrantlar yaxshi ishlashmoqda.
Elchi Britaniya ularga Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IOM) va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalar orqali yordam berayotgani haqida so‘z ochdi.
“Hozir kelayotgan o‘zbekistonlik ishchilar juda yaxshi ishlashmoqda. Biz IOM va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning bu yerda topgan mablag‘larini O‘zbekistonga qaytgach to‘g‘ri yo‘naltira olishlariga ko‘maklashmoqdamiz. Ayniqsa, ayollarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga sharoit yaratish ustida ham loyihalar olib borilmoqda. Buni biz juda ijobiy tajriba deb bilamiz va bunday imkoniyatlar ko‘payishini xohlaymiz”, — dedi elchi







