O'zbekiston

Tibbiyot oliygohlari uchun super-kontrakt kerakmi?

Inson hayoti bilan bog‘liq sohada pul to‘lab o‘qiyotgan yoshlar shifokor sifatida faoliyat yuritishi qanchalik to‘g‘ri? Testda 1 ball ham to‘play olmagan “talabalarga” sog‘ligimizni ishonsa bo‘ladimi?

Tibbiyot oliygohlari uchun super-kontrakt kerakmi?

 

Yaqinda viloyatdagi markaziy shifoxonalardan birida 3 kun davolandim. Bosh shifokor yozib bergan retsept bo‘yicha hamshiralar har kuni 3 mahal muolaja qilishdi.  Palatada mendan oldin shifoxonaga yotqizilgan yana 2 nafar bemor bor edi. Suhbat chog‘ida ulardan biri hamshiradan norozi ohangda gap boshlab qoldi.

 

— Bu yerda bitta amaliyotchi qiz bor, ukol qilishni bilmaydi, tomirlarimni o‘g‘ritib yuboradi. Hamshiralar ham osongina o‘z vazifalarini unga yuklab qo‘ya qolishadi…

 

Bu gapni yoshi kattaroq va to‘lachadan kelgan bemor aytgandi. Avvaliga amaliyotchi qiz hali tajribasi ko‘p emas, balki, shunga ukol qilishga qiynalgandir deb o‘yladim.

 

Ertasi kuni xuddi o‘sha qiz menga muolaja qildi. Bir vaqtning o‘zida 3 ta osma ukol tomirdan yuborilishi kerak edi. “Bo‘lajak shifokor” shosha-pisha shpris sanchdi-yu, chiqib ketdi. Shisha idishdagi dori juda tezlikda yuborilgani uchun ozgina bosh aylandi. Yonimdagi sherigim eʼtiroz bildirgach, vaziyatni yaxshilashdi.

 

Keyinroq qizning o‘zi tibbiyot institutiga giper-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganini, DTM imtihonlarida esa umuman qatnashmaganini aytib qoldi. Ota-onasi shu yo‘nalishda faoliyat yuritgani uchun qizlarini ham shifokor qilmoqchi bo‘lishgan. 

 

Bu holatni dengizdan tomchi deyish mumkin. Chunki respublikada bir emas, bir nechta tibbiyot oliygohlari bor. Ularda esa super-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar talaygina. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: inson hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tibbiyot yo‘nalishi uchun super-kontrakt tizimi nima uchun kerak?

 

Yillar davomida o‘qishga tayyorlangan, talabalikka tavsiya etilish uchun bir necha ballgina yetishmagan abituriyentniku, tushunish mumkin. Unda sohaga nisbatan qiziqish, harakat va bilim bor. Bu kabi talabalarni super-kontrakt asosida o‘qishini davom ettirishlariga hech kim eʼtiroz bildirmasa kerak. Ammo testda 10 ball ham to‘play olmagan yoki shunchaki tavakkaliga imtihonga kirib-chiqqan abituriyetlarning yuz millionlab giper-kontrakt to‘lab, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishi mantiqsizdek go‘yo. Chunki ular ertaga maʼlum maʼnoda bemorlarning taqdirni hal qiluvchi kasb egalari hisoblanishadi.

 

Maʼlumot uchun: 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi davlat OTMlarida super-kontrakt asosida abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, maksimal ballning 30 foizidan baland ball olib o‘qishga kira olmagan abituriyent qimmat kontrakt to‘lay olsa, bemalol talaba bo‘lishi mumkin edi.

 

Keyinroq “super-muper kontrakt” (giper-kontrakt) ochildi. Bunda 30 foiz ballni ololmaganlarga ham imkon beriladi. Yaʼni kimdir testda atigi 5 yoki 10 ball to‘plasa ham, super-kontrakt narxini ikki baravar to‘lasa, talaba bo‘la oladi.

 

2021 yil oktyabr oyida Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov super-kontrakt haqida fikr bildirib, bu tizim o‘qishga kirish jarayonida yuz berayotgan korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida joriy qilinganiga ishora qildi.

 

“Balki kimningdir nazdida bu to‘g‘ri yo‘l emasdir. Lekin bir hovuch pul ko‘tarib yurgan odam farzandini o‘qishga olib kirish uchun baribir [qing‘ir] yo‘lini qiladi. Keyingi yillardan super-kontrakt qolgan tarzda biz giper-kontraktdan voz kecharmiz”, — degan edi u.

 

Joriy yil 9 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirga tibbiyot yo‘nalishida super-kontrakt asosida talabalarni o‘qitish xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida savol berildi.

 

“Tibbiyot akademiyasida, tibbiy oliy taʼlim muassasalarida o‘qish kundan kunga qiyinlashib boryapti. Talablar ortyapti. Xorijiy taʼlim dasturlaridan foydalanilyapti. Past bilimdagi bola super-kontraktni to‘lashi mumkin, lekin bitirolmaydi.

 

Shuning uchun men bugun ota-onalarga murojaat qildimki, bolangiz ertaga o‘qib keta olishiga ishonsangiz, super-kontrakt to‘lang. Kredit modulda avvalgiday telefon qilib, tanish-bilish qilib bolangizni kursdan kursga o‘tkizolmaysiz.

 

Bu jarayonlarga bizga bir yil muddat beringlar. Natijalar bo‘ladi. Eshitasiz hali, necha foiz talaba bitirolmadi, shundan necha foizi super-kontrakt”, – deya javob berdi Toshqulov.

 

Bundan avvalroq esa Toshkent kimyo-texnologiya institutida super-kontraktdan voz kechilishi aytildi. Bu haqda institut rektori Botir Usmonov 2022 yil 11 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

 

“Biz keyingi yildan boshlab super-kontraktga talaba qabul qilishdan voz kechishga harakat qilamiz. Chunki biz taʼlim sifatiga asoslangan “brend” yaratishni maqsad qilganmiz. Shu bois faqat iqtidorli va ishlab chiqaruvchilarga maʼqul keladigan nomzodlarni talabalikka qabul qilamiz”, — deya taʼkidlagan rektor.

 

Bu masalada talabalar ham turlicha fikrda: kimdir super-kontrakt tizimini yoqlasa, kimdir unga qarshi.

 

“Shifokor bo‘lish osonmas. Agar qiziqishi va niyati bo‘lmasa, undan tibbiyot xodimi chiqishi qiyin. 2 ta super-kontraktda o‘qiydigan kursdoshim bor: biri yaxshi o‘qiydi, ikkinchisi esa aksincha. Yana bir talaba bor edi, falon pul to‘lab o‘qishga kirgan. Hozir kursdan kursga qolib, qayta o‘qiyapti”, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalaridan biri.

 

Yana bir muhim jihat: OTMlarga talabalarni qabul qilishda davlat granti hamda oddiy kontrakt bo‘yicha kvotalar soni mavjud. Yaʼni bu bo‘yicha maʼlum chegara bor, lekin super-kontraktda bunday limit belgilanmagan. Maʼlum bir yo‘nalishda 100 ta talaba uchun o‘rin ajratilgan bo‘lsa, ko‘proq pul to‘lansa, yana 100 ta yoki undan ham ko‘proq talaba o‘qishga qabul qilinaveradi. Bu, albatta, oliygohlarda joy muammosini keltirib chiqarishi va taʼlim sifatini tushirib yuborishi mumkin.

 

Muallif: Javohirbek TURSUNOV

custom img

Farg‘onada bir guruh ayollar norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Ular bozordagi joylari olib qo‘yilganidan norozi savdogarlar bo‘lgan.

custom img

O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi

Endilikda ular haydovchilik huquqidan sud tartibida mahrum etiladi. Qayta imtihon esa 50 ta savoldan iborat bo‘ladi.

custom img

Radarlarni o‘rnatish vakolati faqatgina Ichki ishlar vazirligida bo‘lishi kerak — Alisher Qodirov

Alisher Qodirov radarlardan maqsad pul undirish emas, yo‘lda tartibni saqlash bo‘lishi kerakligini aytdi.

custom img

Ayrim pedagoglarga samolyot va poyezd chiptalari uchun chegirma berilishi mumkin

Bunday chegirmalar O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun amal qiladi.

custom img

Kann kinofestivalidagi tarixiy qadam: O‘zbekiston Global Country Placement dasturini e’lon qildi

Netflix, Amazon Prime kabi kino kompaniyalar O‘zbekistonda film suratga oladi.

custom img

Kann kinofestivalidagi tarixiy qadam: O‘zbekiston Global Country Placement dasturini e’lon qildi

Netflix, Amazon Prime kabi kino kompaniyalar O‘zbekistonda film suratga oladi.

custom img

O‘zbekistonlik tadbirkorning Ozarbayjonda 80 ming dollarni undirish masalasi TIV tomonidan ko‘rib chiqilmoqda

Tadbirkor sud qaroriga qaramay, hamkor kompaniyadan mablag‘ni ikki yildan beri undira olmayotgani bildirilgan.

custom img

Kapital jalb qilishning yangi markazi: O‘zbekiston va Ozarbayjon

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mintaqasi Yevroosiyoda tez rivojlanayotgan investitsiya markaziga aylanmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"