Markaziy Osiyo 2022-yilda: namoyishlar, hokimiyat almashinuvi, chegara mojarolari
2022-yil Markaziy Osiyoni tom maʼnoda titratdi, deyish mumkin. Turli namoyishlar, chegara mojarolari va boshqa hodisalar katta sinov bo‘ldi.

Qozog‘iston: qonli yanvar voqealari
2022 yilning 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi. 4 yanvarda namoyishlar avj olib, butun mamlakatga tarqaldi, 5 yanvar kuni esa butun Qozog‘iston bo‘ylab favqulodda holat eʼlon qilindi. Banklar yopilgan, namoyishchilar bir qancha hukumat binolarini qamal qilib egallashgan, Olmaotada supermarketlar va do‘konlar talangandi. Politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan. Oqibatda o‘nlab kishilar halok bo‘lgan. To‘polonlar fonida Qosim-Jo‘mart Toqayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan oldi. U 2019 yilda prezidentlikdan ketgach, umrbod ushbu lavozimda qolishi kutilgandi.
Prezident Qosim-Jo‘mart Toqayev hukumatni isteʼfoga chiqarish ortidan o‘zi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida Nazarboyevning o‘rnini egalladi. Prezident avvaliga ayrim viloyatlarda, keyin butun mamlakat bo‘ylab favqulodda rejim eʼlon qildi, mamlakatga xorijdan keladigan reyslar to‘xtatildi. Olmaotada namoyishchilar hokimiyat binosi, prezident qarorgohi va aeroportni egallab, shaharda talonchilik harakatlari boshlangach, prezident KXSHTga yordam so‘rab murojaat qildi. KXSHT Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarini jo‘natdi.
Toqayev millatga murojaatida namoyishlar ortida “moliyaviy jihatdan motivlarga ega shaxslar” turgani va ularning bu borada “puxta ishlab chiqilgan rejasi” borligini aytib, maksimal darajada qatʼiy harakat qilishini bildirdi. U Olmaotada huquq-tartibot organlari xodimlariga ommaviy hujumlar ketayotgani, jinoyatchilar harbiy xizmatchilarni kamsitayotganini, ayollar zo‘ravonlikka uchrayotgani va do‘konlar talanayotganini aytib o‘tdi.
U mamlakatdagi notinch vaziyatda Energetika vazirligi, shuningdek, «Kazmunaygaz» va «Kazakgaz» kompaniyalarini aybladi.
KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy obyektlarni qo‘riqlash, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni huquqiy maydonga qaytarishda Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga yordam berishdan iborat ekani aytilgan. Rossiyadan ushbu amaliyotlarga 5000 nafar harbiy jalb etilgan. Shuningdek, Belarus 500, Tojikiston 200, Armaniston 70 nafar harbiy jo‘natadi. Qirg‘iziston esa faollar noroziligi tufayli qo‘shni mamlakatga o‘z harbiylarini kiritmaydigan bo‘ldi.
Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan turli davlatlar turli darajada munosabat bildirgan. Qo‘shni davlatlar, Yevroittifoq, Rossiya TIV, Xitoy, YEXHT, BMT, O‘zbekiston TIV bayonotida Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qatʼiyat va irodaga egaligiga ishonch bildirilgan.
AQSH Davlat departamenti Qozog‘istondagi zo‘ravonlikni qoralab, vazminlikka chaqirdi. Bu orada esa mamlakatda aksilterror amaliyotlar boshlanib ketdi. Olmaotada tartibsizliklarda qatnashgan 2 mingga yaqin namoyishchi qo‘lga olingan.
Notinch vaziyat mamlakatning eng boy odamlari uchun katta zarba bo‘ldi. Qozog‘istonning eng mashhur bizneslari ortida turgan milliarderlar daromadini yo‘qotgan. Mahalliy 4 nafar milliarder 3 milliard dollar yoqotgan, bular qatorida sobiq prezidentning qizi va kuyovi ham bor.
Turkmaniston: Otadan o‘g‘ilga o‘tgan lavozim
Turkmanistonda 2022 yil muhim o‘zgarishlar bilan tarixda qoladi. 11 fevral kuni Turkmaniston parlamenti oliy palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida mamlakatni 15 yildan beri boshqarib kelayotgan Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarlikni yoshlarga topshirish va faoliyatini Xalq maslahati raisi sifatida davom ettirish niyatini eʼlon qildi.
1 mart kuni Turkmaniston prezidenti vazifasini bajaruvchi Gurbanguli Berdimuhamedov birinchi chaqiriq Xalq Maslahati aʼzolari, parlament deputatlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Berdimuhamedov yig‘ilganlarga mamlakat konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda davlat organlarining vakolatlari, huquq va majburiyatlarini ko‘rib chiqishni topshirgan.
15 fevral kuni Berdimuhamedovning o‘g‘li, iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bo‘lajak saylovlarda mamlakat prezidentligiga birinchilardan bo‘lib nomzodini qo‘ydi.
Keyinroq turkman muxolifatining xorijdagi vakillari ham prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini maʼlum qilgan. Ular onlayn ovoz berish usulini taklif qilgan.
Mamlakatda 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovlarida Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov g‘alaba qozondi — u 72,97 foiz ovoz to‘plagan. Turkmanistondagi saylovlarda jami 9 nafar nomzod ishtirok etgan.
Tojikiston: Tog‘li Badaxshon mojarosi
Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida may oyining o‘rtalariga kelib mojarolar boshlandi. 14 may kuni Xorug‘ shahrida yuzlab odamlar yig‘ilib, Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi rahbari Alisher Mirzonabot hamda shahar meri Rizo Nazarzodaning isteʼfosini talab qilishdi. To‘planganlar, shuningdek, viloyat markazidagi barcha blokpostlarni olib tashlash, badaxshonliklarni taʼqib qilishni to‘xtatish, o‘tgan yili noyabr oyida bo‘lgan voqealarni haqqoniy tergov qilish, qo‘lga olingan va qamoqqa tashlangan faollarni qo‘yib yuborishni talab etishdi.
Namoyishchilar mahalliy hukumatga o‘zlari so‘rayotgan talablar bajarilishi uchun 16 may kuni soat 16:00 gacha muhlat berishdi. Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi rahbariyati hudud rahbarlari isteʼfosi to‘g‘risidagi talablarni noqonuniy deb atab, uni bajarishdan bosh tortdi.
Bu javobdan keyin 16 may kuni namoyishchilar guruhi Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi administratsiyasi binosi tomon borishdi. Ularning yo‘lini to‘sgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, bir necha harbiy jarohat olgan, bir xorug‘lik halok bo‘lgan.
18 may kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Tog‘li Badaxshonda “aksilterror amaliyoti” boshlanganini eʼlon qildi. Vazirlik axborotida namoyishchilar xorijiy terroristik guruhlar moliyaviy ko‘magi bilan mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga uringani taʼkidlanadi. Namoyishchilar Dushanbe-Xorug‘ yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. 18 may kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda aksilterrorchilik operatsiyasini eʼlon qildi. Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan aksilterror amaliyot davomida 8 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi yaralangan, 70 dan ortiq odam qo‘lga olingan. Ulardan qurollarini topshirish va taslim bo‘lish so‘ralgan.
Qoraqalpog‘iston: Nukus voqealari
1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar kutilmaganda ko‘cha namoyishlarini tashkil qilib, Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirdi. Ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari namoyishlarga sabab bo‘lgan. Namoyish yetakchisi D.Tajimuratov masjid yonida va Nukus dehqon bozori ichida namoyishchilarga Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishi va o‘zini respublika rahbari deb eʼlon qilish bo‘yicha separatistik daʼvatlar qilgan.
Keyinchalik maʼlum qilinishicha, namoyishlar aniq reja asosida va konkret shaxslar tomonidan muvofiqlashtirib turilgan. Chunki qisqa vaqt ichida juda ko‘pchilik safarbar qilingan, ularga spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar tarqatilgan. Bu fakt namoyishchilar orasida tan jarohati olib vafot etgan 14 nafar shaxsdan 13 nafarida murdasi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan tahlillarda spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar topilgani hamda ko‘plab surishtiruvlar natijasida tasdig‘ini topgan.
To‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq fuqarolar qo‘lga olingan.
Jamoat tartibi buzilishining oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan.
Qisqa fursatda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan. 2 iyul kuniyoq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga uchib bordi va Jo‘qorg‘i kengesda so‘zga chiqdi.
Iyul oyidayoq Qonunchilik palatasi va Senat Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun Mustaqil komissiya tuzilgan, unga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilishi xabar qilingandi.
28 noyabr kuni Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlangan. Bosh prokuratura yana 39 kishiga daxldor ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanayotganini, Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda jami 171 kishi ayblanyotganini maʼlum qilgan.
Tojikiston-Qirg‘iziston chegara mojarosi
2022 yil 22 iyul kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida qurolli mojaro yuz berdi. Oqibatda besh kishi jabrlandi.
Mojaro ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida yuz berdi. Bunga Tojikistonning Vorux qishlog‘i aholisi o‘z qishloqlariga kiraverishda flagshtok o‘rnatishi sabab bo‘ldi. Qirg‘izistonning Oqsoy qishlog‘i aholisi ham flagshtok o‘rnatilishiga qarshi bo‘lgan. O‘rtada dahanaki janjal boshlangan. Natijada tomonlardan biri qurol ishlatgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, fuqarolar ov qurolidan o‘q uzgan. Voqea joyiga ikki davlat chegara xizmati vakillari yetib kelgan.
Tojik tomonning maʼlum qilishicha, chegaradagi mojaroda 16 tojikistonlik jabrlangan, militsiyaning bir xodimi og‘ir yaralangan.
Qirg‘iz-tojik chegarasida sentyabr oyiga kelib vaziyat yana keskinlashib, chegara bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar yuz berdi. Tomonlar hodisada bir-birini aybladi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoni “ilgari erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda” Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Leylek tumanlaridagi qirg‘iz-tojik chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik obyektlariga qurolli kuchlar hamda og‘ir harbiy texnikalardan foydalangan holda hujum uyushtirganini maʼlum qildi. Qirg‘iziston tomoni erishilgan barcha kelishuvlarga qatʼiy rioya qilishni, o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy qismlarni olib chiqib ketishni, shuningdek, chegara hududlarida vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan holatni yaratmaslikni talab qildi.
“Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari og‘ir qurollardan foydalangan holda Isfara shahrining Xo‘jai Aʼlo, Qummazor, Surx, Somoniyon, Ko‘lkand, Xistevarz va G‘ofurov tumanidagi Ovchiqalacha, Bobojon aholi punktlariga qurolli hujum uyushtirdi”, — deya xabar bergan Tojikiston TIV.
Shundan so‘ng Qirg‘iziston va Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimov o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgani maʼlum qilindi.








