AQSh Erondan qoʻrqdimi?
Bundan bir oy oldin prezident Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi kuchga kirgan vaqtida, urushni butunlay tugashi uchun Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish va yadro dasturidan voz kechish shartini qo‘ygan edi. Agar bu shartini bajarmasa hujumni yana qayta boshlash bilan qo‘rqitgan edi. Biroq kecha, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio AQShning Eronga qarshi boshlagan “Epik G‘azab” harbiy operatsiyasi yakunlanganini ma’lum qildi.

Bundan bir oy oldin prezident Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi kuchga kirgan vaqtida, urushni butunlay tugashi uchun Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish va yadro dasturidan voz kechish shartini qo‘ygan edi. Agar bu shartini bajarmasa hujumni yana qayta boshlash bilan qo‘rqitgan edi. Biroq kecha, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio AQShning Eronga qarshi boshlagan “Epik G‘azab” harbiy operatsiyasi yakunlanganini ma’lum qildi.
Tomonlar nima demoqda?
Seshanba kechasi Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat kotibi jurnalistlarga AQSh bu operatsiyada barcha maqsadlariga erishganini aytdi.
Rubioning ta’kidlashicha, bo‘g‘ozni qayta ochish harakati endilikda butunlay mudofaa va insonparvarlik operatsiyasi hisoblanadi va u faqat AQSh kemalari o‘qqa tutilgan taqdirdagina Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.
“Biz tinchlik yo‘lini afzal ko‘rgan bo‘lardik. Prezident kelishuv tuzishni afzal ko‘radi", – dedi Davlat departamenti rahbari Marko Rubio.
Keyinroq, Tramp Eron bilan kelishuv borasida "katta progress"ga erishilganini vaj qilib, atigi bir kun davom etgan va faqat sanoqli kemalarni ozod qilishga ulgurgan “Ozodlik loyihasi” harakatini ham "qisqa muddatga" to‘xtatib turishini e’lon qildi. Shunga qaramay, u "maksimal iqtisodiy bosim" strategiyasining bir qismi sifatida Amerika blokadasini o‘z kuchida qoldirdi.
Trampning kemalarni bo‘g‘ozdan olib chiqish harakatini to‘xtatib qo‘yishi ma’muriyatning avvalgi pozitsiyasiga zid kelmoqda. Ilgari Oq uy Eronning xalqaro suv yo‘lini to‘sib qo‘yishiga toqat qilib bo‘lmasligini va uni faqat AQSh kuch ishlatish yo‘li bilan ochishga qodirligini ta’kidlab kelayotgan edi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni boshlangan “Ozodlik loyihasi” muzokaralarda vositachilik rolini bajarayotgan Pokiston hukumati iltimosi bilan to‘xtatilmoqda.
Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida bu qaror “ulkan harbiy muvaffaqiyatlar” hamda Eron bilan tinchlik kelishuviga erishishdagi “sezilarli yutuqlar” tufayli qabul qilingan. Trampning bayonoti fonida chorshanba kuni Osiyoda savdolar ochilishida neft narxi biroz pastladi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari bu holat Trampning jahon kemachiligi uchun muhim bo‘lgan suv yo‘lini blokirovkadan chiqarishga urinishlarida “bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng ortga chekingani”ni ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Avvalroq AQSh markaziy qo‘mondonligi savdo kemalariga hamrohlik qilish amaliyotiga esminetslar, samolyotlar va 15 ming nafar harbiy xizmatchi jalb qilinganini ma’lum qilgandi.
Birlashgan shtablar qo‘mitasi boshlig‘i, general Den Keyn seshanba kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, Fors ko‘rfazida bortida taxminan 22,5 ming dengizchi bo‘lgan 1 500 dan ortiq kema bloklanib qolgan.
Vashingtonning bayonoti Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi bir qator hujumlar fonida yangradi – bu sulh buzilishi xavfi ostida ekani haqidagi xavotirlarni keltirib chiqargandi. AQSh tomoni Fors ko‘rfazida qolib ketgan kemalarni olib chiqish maqsadida ekanini bildirgan.
Dushanba kuni Tramp agar Eron operatsiyada ishtirok etayotgan Amerika kemalariga hujum qilishga urinsa, ushbu mamlakat “yer yuzidan yo‘q qilinishi” bilan tahdid qilgan edi.
AQSh Maqsadiga erishdimi?
Rubio maqsadlar bajarilganini aytsa-da, aslida bunday emas. 38 kunlik shiddatli harbiy operatsiyalar davomida AQSh Pentagonga ko‘ra 13 000 ta nishonga zarba berdi. Ammo gap faqat nishonlarni yo‘q qilishda emas edi.
Tramp o‘z shartlarini tez-tez ta’kidlab turdi. Eron harbiy-dengiz floti haqiqatan ham yo‘q qilindi. Ammo bu ro‘yxatdagi AQSh tomonidan bajarilgan yagona banddir.
Eronning yadroviy zaxirasiga hanuz tegilmadi va uni mamlakatdan olib chiqish yoki qurol ishlab chiqarib bo‘lmaydigan darajaga keltirish bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘q. AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron raketalari va uchirish moslamalarining yarmidan ko‘pi omon qolgan. Isroil zarbalari natijasida parchalangan proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi esa hali noaniq bo‘lib qolmoqda.
Rejimni o‘zgartirish haqidagi gaplardan Tramp butunlay voz kechdi, hatto bir safar buni hech qachon talab qilmaganini ham aytdi. Boshqa safar esa, u rejim o‘zgarishi allaqachon sodir bo‘lganini iddao qildi. Biroq, ko‘plab Eron bo‘yicha ekspertlar va razvedka xodimlari uchun bu rejim o‘zgarishi emas, shunchaki "shaxsiy tarkibning almashishi" ekanligini aytmoqda.
Siyosiy bosim va "Mini-urush"
Tramp va Rubioning "Epic G’azab" tugadi deb e’lon qilishlari uchun ko‘plab sabablar bor. Kongressda "Urush vakolatlari to‘g‘risidagi qonun" bo‘yicha e’tirozlar kuchaymoqda. Shuningdek, Trampning siyosiy elektorati uning Amerikani uzoq davom etadigan urushlardan chiqarish haqidagi va’dasi borasida ikkiga bo‘linib qolgan. Bundan tashqari, Tramp Xitoyga safari oldidan g‘alaba qozonilganini va bo‘g‘oz ochiqligini ko‘rsatishni istaydi. Uning Pekinga safari keyingi chorshanbaga belgilangan.
Bu vaqt Ichida Trampning tili ham o‘zgardi. U vaziyatni endi "urush" deb atashdan qochib, uni "mini-urush" deb atamoqda. Boshqa nutqlarida esa Eronning bombardimon qilinishini "ekskursiya" yoki shunchaki yo‘ldagi "aylanma yo‘l" deb ta’riflab, go‘yoki Yaqin Sharq bo‘ylab dam olish kunidagi sayohatda tirbandlikka duch kelgandek qilib ko‘rsatmoqda.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, Tramp Kongressdan urushni davom ettirish bo‘yicha ruxsat olaolmagan. AQSh qonunchiligi bo‘yicha prezident “harbiy amaliyotlarini” faqat 60 kunga ruxsat berilgan. Uni davom etirish va urushga aylantirish uchun prezidentga Kongress ruxsati kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Pentagon ham moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechira boshlagan. Kongress Pentagonga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ham ortga surib kelmoqda.
Iran War Cost Tracke portaliga ko‘ra, Pentagon Eron qarshi urushga 72 milliard dollardan oshiq mablag‘ sarflagan. Bu raqamlar soniyalar Ichida o‘zgarib turmoqda.
"Qaroqchilikka yo'l yo'q"
Ma’muriyat endilikda harbiy zarbalardan ko‘ra iqtisodiy qamal samaraliroq degan fikrga o‘tdi. Rubio AQSh Eronning "zaif iqtisodiyotini" ushlab turgan daromad manbalarini qirqib tashlayotganini aytdi.
U eronliklarni "qaroqchilar" deb atadi.
"Bo‘g‘ozlar hamma uchun yopiq bo‘lsa-yu, ular qaroqchilikdan foyda ko‘rsa — bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", degan u.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, faqat AQSh Hormuz bo‘g‘ozini "dunyoga muruvvat ko‘rsatish uchun" ochishga qodir.
"Agar biz mana shunday bezori rejimga xalqaro yuk tashish yo‘lagi ustidan nazorat o‘rnatishga ruxsat bersak, tez orada bu holat dunyoning boshqa yo‘laklarida ham takrorlanadi",- deya qo‘shimcha qildi u.
Eron o‘z pozitsiyasida qattiq turmoqda
Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Homanaiy yadroviy va raketa dasturlari bo‘yicha hech qanday yon berish bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Hormuz bo‘g‘ozida erkin harakat tiklanmasligi va AQShning mintaqadagi mavjudligi qabul qilinmasligi - mojaroni yanada keskinlashtirmoqda. Bunday bayonotlar odatda kuchli pozitsiyaga ega tomonlar tomonidan beriladi, biroq amalda Eronning imkoniyatlari ham cheklangan.
AQSh tomoni ham shunga o‘xshash xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Donald Tramp ma’muriyati Eronni tezda taslim bo‘lishga majbur qilish mumkin deb hisoblagan bo‘lsa-da, amaliy harakatlar bu yondashuvning murakkabligini ko‘rsatdi. Masalan, AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ayrim kemalarni kuzatib o‘tish orqali blokadani buzishga urinish Eronning raketa va dron hujumlari bilan javob qaytarishiga olib keldi. Bu esa har qanday operatsiya katta xavf va xarajat bilan amalga oshirilishini ko‘rsatdi.
Natijada mojaro an’anaviy harbiy to‘qnashuvdan ko‘ra, iqtisodiy va siyosiy bardoshlilik sinoviga aylanmoqda. Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat global energiya bozoriga bosim o‘tkazmoqda, Eron esa energiya narxlarini oshirish orqali o‘zining muhim bosim vositasini saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, AQSh ham iqtisodiy bosim va harbiy ustunlik orqali Eronni cheklashga urinmoqda.
Ichki siyosiy omillar ham muhim rol o‘ynamoqda. Eron ichida turli siyosiy guruhlar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lib, ayrim yetakchilar muzokaralar orqali mojaroni hal qilish yo‘lini izlamoqda. Biroq qat’iy pozitsiya ustun kelayotgani sabab murosa imkoniyati cheklanmoqda. AQShda ham siyosiy bosim va tezkor natija kutish strategik qarorlarni murakkablashtirmoqda.
Asosiy muammo shundaki, har ikki tomon ham qarama-qarshilikni “yutish mumkin bo‘lgan o‘yin” sifatida ko‘rmoqda. Holbuki, real vaziyatda to‘liq g‘alaba ehtimoli past, xarajatlar esa juda yuqori. Shu sababli keskinlikni kamaytirish uchun zarur bo‘lgan siyosiy murosalar qabul qilinmayapti, chunki ular siyosiy jihatdan “mag‘lubiyat” sifatida talqin qilinishi mumkin.
Shunday murakkab vaziyatda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi xitoylik hamkasbi Van Yi bilan ko‘rishdi. Uchrashuv tafsilotalari ochiqlanmagan. Xitoy Eronning asosiy iqtisodiy hamkori bo'lib, uning neftining katta qismini sotib oladi. Tramp kelasi hafta chorshanba kuni Pekinga tashrif buyuradi.
Ma’lumotlarga qaraganda tashrif davomida, Eron va Tayvan masalasi bo’yicha ham gaplashiladi.
Ammo Tramp tomonidan yangaragan tinchlik qancha vaqt davom etishi noma’lum. Tahlilchilarning fikricha, AQSh va Isroil Eronga yana qaytadi, chunki ikki mamlakat ham o‘z maqsadlariga erisha olmagan.
Shuningdek, AQSh hali to‘liq mintaqadan xususan, Erondan o‘z askar va qo‘shinlarini olib chiqib ketmadi. Yaqin Sharqdagi vaziyat esa hali tinchimaydi. Isroil va Eron, ikki teokratik davlatda din ustun hisoblanadi. Mintaqa tinch bo‘lishi uchun esa, ikkisidan biri zaiflashishi kerak. Ammo isroil kuchayib ketadigan bo‘lsa u boshqa davlatlarga hujumga o‘tish ehtimoli katta. Turkiya, Pokiston, Livan, Suriya kabi davlatlar isroilning keying nishonlari bo‘lishi mumkin.








