0

Tarixga aylangan operatsiya yohud tibbiyotimiz uchun muhim qadam

O‘shlik ciam egizaklari bilan bog‘liq jarrohlik operatsiyasi aslida qanday amalga oshirilgan edi?

Tarixga aylangan operatsiya yohud tibbiyotimiz uchun muhim qadam

 

2022-yilning 19-dekabr kuni Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazida O‘zbekiston tibbiyoti tarixida ilk bor murakkab jarrrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Unda respublikamizning o‘ndan ortiq eng tajribali shifokorlari ishtirok etdi. Jarrohlik  amaliyoti tibbiyot sohasida 30 yillik tajribaga ega, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev tomonidan amalga oshirildi.

 

Chaqaloqlarning birlashib ketishiga sabab nima?

 

Siam egizaklari – rivojlanish davrida embrional jihatdan bir-biridan to‘liq ajralmagan egizak homilalar hisoblanadi. Ularning tana qismlari, ichki organlari bir-biriga birikkan bo‘ladi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, har ikki yuz ming tug‘ruqning birida turli anomaliyadagi siam egizaklari dunyoga keladi. Ularning teng yarmi esa o‘lik holda tug‘iladi. Tirik tug‘ilgan bunday egizaklarning katta qismi ayol jinsli bo‘ladi.

 

Birlashgan egizaklarning nima sababdan bunday tarzda rivojlanishini asoslashga harakat qiladigan ikkita nazariya mavjud. Birinchi nazariyaga ko‘ra, bitta urug‘lantirilgan tuxum bir xil egizaklarni shakllantirish jarayonida to‘liq bo‘linmaydi. Agar zigota bo‘linishi embrion diskning rivojlanishidan ikki hafta o‘tgach sodir bo‘lsa, bu birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib keladi. Ikkinchi nazariyaga ko‘ra ikkita urug‘langan tuxumning qo‘shilishi rivojlanish davrida sodir bo‘ladi. Primitiv tugun va primitiv chiziqning qisman bo‘linishi birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib kelishi mumkin. Bu egizaklar birlashishning tabiati va darajasiga ko‘ra tasniflanadi. Baʼzida monozigot egizaklar faqat umumiy teri ko‘prigi yoki umumiy jigar ko‘prigi bilan bog‘lanadi.

 

“Opa-singil quda bo‘lishi oqibatida ciam egizaklari dunyoga kelgan”

 

O‘tgan yili Qirg‘izton respublikasi O‘sh viloyatida bir oilaga kelin bo‘lib tushgan ayolning homilasi 27-haftaligida tekshirilganida uning qornidagi chaqaloq siam holatida ekani maʼlum bo‘ladi. Shifokorlar bu onaning hayoti uchun juda xavfliligi va unga hech qanday chora ko‘rolmasliklarini aytishadi. Shundan so‘ng qaynona kelinini O‘shdan Bishkekka olib boradi. U yerda homila shifokorlar tomonidan “kesarcha” usulida amalga oshiriladi. Bolalarning ikkalasi ham sog‘lom dunyoga keladi. O‘shanda ularning vazni bor-yo‘g‘i bir kilogramu olti yuz gramm bo‘ladi. Mahalliy shifokorlar onaga bu bolalar baribir yashab ketolmaydi, o‘n kundan keyin o‘lib qolishi mumkinligini aytishadi. Biroq qaynona kelinini olib O‘shga qaytadi va chaqaloqlarga birgalikda qaray boshlashadi. Asta-sekin ularning vazni oshadi.

 

Oradan bir yarim oy o‘tgandan so‘ng o‘shlik oila Andijondagi qarindoshlaridan O‘zbekistondan siam egizaklarni ajrata oladigan shifokorlar haqida so‘raydi. Ular esa Baxtiyor Ergashevga murojaat qiladi. Ergashev ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zining tibbiyot sohasida amalga oshirgan ishlari bilan mashhur edi. Andijonlik qarindoshlar Baxtiyor Ergashev bilan bog‘lanadi va holat haqida maʼlumot beradi. Barcha maʼlumotlarga ega bo‘lgan shifokor masofadan chaqaloqlarning holati haqida qaynonadan so‘rab turadi. Bu orada opa-singilning quda bo‘lgani siam egizaklari tug‘ilishiga olib kelgani maʼlum bo‘ladi. Shifokor bu turdagi kasallikka qarshi avval hech qanday ish qilmagani, biroq operatsiya jarayonini kuzatgani va guvoh bo‘lganini taʼkidlaydi.

 

Shifokor bir qator tahlillar uchun besh-olti oy vaqt ketishini aytadi. Oktabr oyida ona va bolalarni Toshkentga taklif qiladi. Shundan keyin to‘liq tekshiruv o‘tkaziladi. Shunda jigar orqali ular birlashgani maʼlum bo‘ladi. Biroq egizaklardan birining ichki aʼzolari teskari joylashgandi. Ammo bu ularning hayotiga hech qanday xavf to‘g‘dirmas edi. Keyin bir hafta davomida shifokor chaqaloqlarning bir-biriga munosabati va xarakterini o‘rganadi. Tekshiruvlardan keyin Ergashev aniq bir qarorga kelishi va boshqalar bilan maslahatlashishi kerakligini aytadi. Shuningdek xohlasa oilaga ularni boshqa davlatlarga ham olib borishi mumkinligi taʼkidlaydi. Lekin ular shifokorga ishonch bildirishadi. Egizaklar jigar orqali bog‘langan bo‘lishiga qaramay, ularning o‘t po‘fakchalari alohida edi. Shundan so‘ng professor chet el fuqarolarining O‘zbekiston shifoxonalarida yotishi pulli bo‘lgani, bundan tashqari, oilaning yashashi o‘rtacha ekani uchun ularni O‘shga ketaverishi, aniq bir xulosaga kelganidan keyin chaqirtirishini aytadi. Bu orada shifokor bu oila bilan doimiy muloqot qilib turadi.

 

To‘plagan barcha maʼlumotlarining hammasini tahlil qilgan Baxtiyor Ergashev rossiyalik hamkasbini bunga jalb qilmoqchi bo‘ladi. Keyinchalik bundan voz kechadi. Ammo operatsiyani amalga oshirishga qaror qiladi. Bunga tajribali shifokor Nasriddin Shamsiddinov kabi o‘zining ustozlarini ham jalb etadi. 28 noyabr kuni chaqaloqlarni olib kelishlari haqida maʼlum qiladi. Bu orada esa shifokor Germaniyaga amaliyot o‘tash uchun borib keladi. Biroq u yerda ham bu bo‘yicha yetarlicha tajriba yo‘qligini anglaydi. Ammo Baxtiyor Ergashevning qarori qatʼiy edi. U “You tube” platformasi va boshqa manbalardan o‘tkazilishi aniq bo‘lgan operatsiya bo‘yicha ayrim maʼlumotlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ladi.

 

Noyabr oyida kunlar sovub qolgani hisobiga chaqaloqlar chegaradan o‘tayotganda shamollab qolishadi. Shuning uchun Ergashev rejalashtirgan operatsiya bir muddatga kechikadi. Sababi, shamollagan chaqaloqlarni operatsiya qilish mumkin emasdi. 2-3 hafta chaqaloqlar maxsus palatada davolanadi. Xodimlar ularning holidan doimiy nazorat qilib boradi. Egizaklar butunlay sog‘lomlashtirganidan keyin 19 dekabr kuni operatsiya qilinadi. Baxtiyor Ergashev ustozlari va shogirdlari bilan birgalikda operatsiyani mustaqil tarzda o‘tkazadi. Zamonaviy texnalogiyalar jarrohlik amalyotini o‘tkazishga yordam beradi. Jigar sotib olinib, uning qanday ishlashi va boshqa jarayonlar sinab ko‘riladi. AQSHdan olib kelingan qonni to‘xtatish texnalogiyasining qanday ishlashi esa bir kunda o‘zlashtiriladi. O‘zbekistondagi eng tajribali shifokorlar ishtirokida boshlangan operatsiyada har bitta qilinadigan harakatlar oldindan rejalashtirib olinadi. 19-dekabr kuni soat o‘nda tarixiy jarrohlik amaliyotiga kirishiladi. Operatsiyani ustozlarining duosi bilan boshlagan Baxtiyor Ergashev ularning yordami bilan bu jarayonni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Operatsiya roppa-rosa ikki soatu qirq besh minut davom etadi. Bir yarim soatda chaqaloqlarni ajratib olgan shifokorlar keyin ikki guruhga bo‘lingan holda egizaklarni alohida operatsiya qilishadi. Shu tariqa jamoaviy ish ko‘ngildagidek yakunlanadi.

 

 

O‘zbekistonda bunday holatlar avval uchraganmi?

 

Professor Baxtiyor Ergashevning aytishicha, u ilgari ikki marta siam egizaklari bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan. 2008-yil Xorazm viloyatida shunday chaqaloqlar dunyoga keladi. Ularning operatsiya qilgan rossiyalik hamkasbining bu amalyotida qatnashgan Ergashev o‘ziga yetarli tajriba to‘playdi. Bundan tashqari, 2012-yil Andijon viloyatidan ham shifokorga shunday murojaat bo‘ladi. Ammo ularni operatsiya qilishning imkoni bo‘lmaydi. Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘sha egizak Fotima va Zuhra Holiyevalar ayni damda 11 yoshda bo‘lib, ular 2017-yil Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslar muruvvat bolalar uyiga olib kelingan. Egizak qizaloqlarning ota-onasi haqida maʼlumotlar mavjud emas.

 

Bundan tashqari, 2020-yil 27-iyun kuni Samarqand viloyatida ikki boshli chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar berildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati egizaklar bir necha kun o‘tib, yaʼni 6 iyul kuni vafot etganini maʼlum qilgandi.

 

Jamshidbek Amirov tayyorladi

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"