“Prava”ni sotib olib, hayotiga nuqta qo‘yayotganlar yoxud Yagona imtihon markazlari YTHlar sonini kamaytiryaptimi?
So‘nggi paytlarda “avariya” haqidagi xabarlar deyarli har kuni quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Xo‘sh, YTHlar ko‘payishiga sabab nima: haydovchilarning eʼtiborsizligimi yoki bilimsizligi?

So‘nggi paytlarda deyarli har kuni O‘zbekistonning qaysidir nuqtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabarlar quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Hatto bir kunning o‘zida bir viloyat hududida o‘nlab mashinalar ishtirokida to‘qnashuvlar yuz berish holatlari uchrab turibdi. Eng achinarlisi — ushbu ko‘ngilsiz holatlar oqibatida jabr ko‘rayotganlar soni YTHlar sonidan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda respublika bo‘yicha jami 3753 ta YTH sodir bo‘lgan bo‘lsa, oqibatda 1014 nafar inson vafot etgan, 3767 kishi turli darajada jarohatlangan. Halok bo‘lganlar soni bilan tan jarohati olganlar sonini qo‘shib hisoblaganda, bu raqamlar salkam YTH sonidan mingtaga ko‘p — 4481 nafar inson jabrlangan.
2022 yil 26 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu muammoga to‘xtalib, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan edi.
“Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda”, — degan edi Prezident.
Davlat rahbari ushbu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘ini bergan.
Shundan so‘ng, 2022 yil 3 fevral Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Yangi tizimda fuqarolar bilimini baholashda inson omili ishtirok etmaydi, butun jarayon avtomatlashtirilgan.
“Endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi, yo‘lga chiqadi. Biz bundan boshqasiga rozi emasmiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz”, — degan edi uning ochilish marosimida qatnashgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev.
Keyinchalik bu turdagi imtihon markazlari Toshkent va Farg‘ona viloyatilarida ish boshladi. Ohangaron tumanidagi markazning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Komil Allamjonov “Toshkentdagi imtihon markazida korrupsiya nolga teng, haydovchilik guvohnomasini faqatgina bilimlilar oladi”, — degandi.
Statistik maʼlumotlar haqiqatan ham yagona imtihon markazlari faoliyat boshlaganidan so‘ng Toshkent shahri va viloyatida YTHlar soni biroz kamayganini ko‘rsatmoqda. Poytaxtda 2021 yilda 438 ta, 2022 yilda esa 413 ta to‘qnashuv yuz bergan. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 2021 yilda 529 tani, 2022 yilda 479 tani tashkil etgan.
Ammo imtihonsiz “prava” olib berish yoki avtomaktablarda o‘qitmasdan turib o‘qiganligi haqida guvohnoma berish bilan bog‘liq jinoyatlar hamon sodir etilyapti. Aynan Toshkent shahri va viloyatida Yagona imtihon markazlari ochilganidan so‘ng ham shu kabi bir nechta “qing‘ir ishlar” fosh etildi.
Xususan, 2022 yili Toshkent viloyatining Parkent tumanida MCHJ rahbari, poytaxtning Mirobod tumanida “Chilonzor o‘quv sport texnika klubi” unitar korxonasi boshlig‘i fuqarolarga o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmasdan, o‘qiganlik haqidagi guvohnomani tayyorlab berishi evaziga pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrining Chilonzor va Shayxontohur tumanlarida fuqarolarni haydovchilik guvohnomasi uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish va “prava” olib berish evaziga pora talab qilgan shaxslar ushlangan.
Toshkentda “prava” uchun imtihonlarning qattiq rejimda o‘tkazilishi ortidan ko‘pchilik bu masalaga masʼuliyat bilan yondashyapti va shunga majbur ham. Lekin viloyatlarda bu tartib hali to‘liq joriy qilingani yo‘q. Poytaxtdagi kabi yagona imtihon markazlari respublikadagi barcha hududlarda ish boshlasa, imtihonlar inson omilidan yana-da xoli, shaffof bo‘lardi va bu barcha imtihon topshiruvchilar uchun ham adolatli yechim bo‘lardi.
Avtomashina ruliga o‘tirgan haydovchi nafaqat o‘zi, balki yo‘lovchilar hayoti uchun ham javobgardir. Bir soniyalik eʼtiborsizlik, yo‘l harakati qoidalarini bilmaslik yoki bilib turib amal qilmaslik inson(lar) hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, bo‘lajak haydovchilar avtotransport vositalarini boshqarish huquqini olyotganda, avvalo, vijdonan o‘qisa, imtihonlardan pul bilan emas, bilim bilan o‘tsa, “avariya”lar soni sezilarli darajada kamayadi...








