O'zbekiston

Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga jinoyat protsessi ishtirokchilarining protsessual huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq bo‘lgan normalar kiritilmoqda. Mutaxassislar yangi o‘zgarish mohiyatini tushuntirib berdi.

Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

 

Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash kafolatlarini mustahkamlashdan iborat. Ushbu jihatdan jinoyat protsessi ishtirokchilarining protsessual huquqlarini taʼminlash masalalari alohida dolzarbdir. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 27-moddasida hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Shu bilan birga, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.

 

Ushbu qoidalar sud nazoratining alohida turi bo‘lgan “Xabeas korpus” institutiga tegishli. “Xabeas korpus” - maxsus qonunchilik hujjati bo‘lib, 1679 yil 26 mayda Angliya parlamenti tomonidan qabul qilingan. Ushbu hujjatga ko‘ra, qo‘riqchilar, qamoqxonalar yoki shaxsni ushlash yoki hibsga olishda ishtirok etgan boshqa shaxslar ushlashga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ushlangan shaxsni lordga yoki sudyaga olib kelishlari kerak edi. Ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchini ushlab turish tartibi ustidan sud nazoratini o‘rnatish jinoyat protsessida shaxsning huquqlarini himoya qilishda katta ahamiyatga ega.

 

O‘zbekistonda “Xabeas korpus” instituti 2008 yildan boshlab, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkazilgandan beri joriy etilgan. Keyingi yillarda tergov ustidan sud nazoratining ushbu shakli protsessual majburlash choralariga va shaxsning daxlsizligi bilan bog‘liq bir qator tergov harakatlariga ruxsat berish huquqini berish orqali asta-sekin kengaytirildi.

 

Bugungi kunga kelib, sud tomonidan ruxsat beriladigan protsessual majburlov va tergov harakatlarining soni 10 turga yetdi. Bularga quyidagilar kiradi: qamoqqa olish, lavozimidan chetlashtirish, tibbiy muassasaga joylashtirish, amnistiya aktini qo‘llash, uy qamog‘i, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, murdani eksgumatsiya qilish. Shu bilan birga, sud nazorati instituti doimiy ravishda rivojlanib bormoqda va hozirda uning qamrovini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, tintuv o‘tkazish, telefonlar orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, mol-mulkni xatlash vakolatini sudlarga berish rejalashtirilmoqda.

 

Xalqaro tajribaga eʼtibor qaratsak, sud nazorati instituti Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 9-moddasida mustahkamlangan. Ushbu moddaga muvofiq jinoiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi o‘tkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 9-moddasida hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvg‘in qilinishi mumkin emasligi qayd etilgan.

 

Sud nazorati instituti AQSH, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Portugaliya va boshqa mamlakatlar Konstitutsiyasi normalarida aks etgan. Shu bilan birga, bir qator davlatlarda qabul qilingan qarorning xolisligini taʼminlash uchun jinoyat ishini tergov qilish ustidan sud nazoratini amalga oshiradigan, tergov harakatlari va ehtiyot choralariga ruxsat beruvchi maxsus tergov sudyasi lavozimi mavjud. Mazkur lavozim Germaniya, Avstriya, Italiya, Belgiya, Gollandiya, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda joriy etilgan.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida sud nazorati instituti katta ahamiyatga ega. Mazkur tamoyilning joriy etilishi jarayon ishtirokchilarining huquqlari amalga oshirilishini taʼminlaydi, ularni mansabdor shaxslar va jinoiy taʼqib qilish funksiyasini bajaradigan organlarning noqonuniy harakatlaridan himoya qiladi. Sud nazorati institutining kengayishi jinoyat protsessida shaxs huquqlarini himoya qilishning umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarini joriy etish imkonini beradi.

 

Lyudmila Yugay, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori,

Shoxjaxon Xo‘jayev, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

custom img

25 yilgacha yoki umrbod: bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi

Voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish hamda ayrim uyatsiz-buzuq harakatlar og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"