O'zbekiston

Akademik Akmal Saidov Nukusdagi seminar-treningda ishtirok etdi

Nukus shahrida “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida seminar-trening boshlandi. Ushbu seminar-trening boshqa hududlarda ham o‘tkaziladi.

Akademik Akmal Saidov Nukusdagi seminar-treningda ishtirok etdi

15-iyun kuni Nukus shahrida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) profilaktika inspektorlari uchun “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida seminar-trening boshlandi.

 

 

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar Torebekov qayd etganidek, ushbu anjuman aynan Nukus shahri markazidagi “Oq qush” madaniyat va istirohat majmuasidagi dunyoga mashhur, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan, birdamlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lgan muhtasham “Qoraqalpoq milliy o‘tovi”da tashkil etilgani bejiz emas.  Zero, inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini ta’minlash – jamiyatimiz taraqqiyotining yuksak mezonlaridan bo‘lsa, inson huquqlarini himoya qilish davlatimiz xavfsizligi va barqarorligining bosh garovidir.

 

Ochilish marosimida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov ishtirok etib, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy  standartlar” mavzusida nutq so‘zladi.

 

A.Saidov dastavval inson huquqlari sohasidagi ta’lim Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekaniga e’tiborni qaratdi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”.

 

 

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004-yil 10-dekabrda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. Hozirgi vaqtgacha Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining 4 ta bosqichi amalga oshirilgan. BMT tomonidan 2025–2029-yillar Inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish davri sifatida e’lon qilindi.

 

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Ayni seminar-trening ana shu xalqaro va milliy qarorlar talablarini izchil bajarish yo‘lida tashkil etildi.

 

Milliy markaz direktori global miqyosdagi qaltis hamda murakkab hozirgi sharoitda Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini o‘qitish va targ‘ib etish, himoya qilish va ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlardan ko‘ra, oldimizda turgan vazifalar ko‘p ekanini qayd etdi. Bu fikrning tasdig‘i sifatida  kundalik hayotdan dalil va raqamlar ham keltirildi.

 

 

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 495 nafar profilaktika inspektori faoliyat yuritadi, lekin ularning orasida birorta ham ayol inspektor yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, 102 ta maktabga biriktirilgan inspektor-psixologlarning 27 nafari ayol xodimalar ekani e’tiborlidir. Respublikada mavjud 452 ta mahalladan 320 tasida keyingi davrda hech qanday jinoyat sodir etilmagan. Namunali xizmati uchun 2 nafar profilaktika inspektori davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

 

Mashg‘ulotlar davomida “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”, “Qiynoqlarga qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati”, “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish – davlat va jamiyatning oliy burchi”, “BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari: Ayollar, tinchlik va xavfsizlik”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar va yoshlarning huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi, professor Ilhom Turg‘unov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mintaqaviy vakili Madina Turdimuratova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova va mazkur Akademiya dotsenti Umid  Fozilov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti Sveta Amaniyazovaning ayni mavzular yuzasidan chiqishlari tinglovchilarga manzur bo‘ldi. Tadbirning birinchi kuni yakunida seminar-treningda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan huquqshunoslarga tashakkur izhor etildi. 

 

 

Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash va mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishda munosib ishtirok etgani uchun MFY profilaktika inspektorlariga minnatdorchilik bildirildi.

 

Profilaktika inspektorlaridan bir guruhiga namunali xizmatlari uchun faxriy yorliq, tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida o‘tkazilayotgan ushbu keng qamrovli seminar-trening dastur asosida boshqa hududlarda ham bo‘lib o‘tadi.

 

 

custom img

Butunjahon tozalik kuni: O‘zbekistonda plogging aksiyasi o‘tkaziladi

Aksiya 19-sentyabr kuni barcha hududlarda bo‘lib o‘tadi.

custom img

202 davlat, 2 mingdan ortiq shaxmatchi: Samarqand bugun shaxmat olamini qarshi oldi

Tashkilotchilar Olimpiadani shaxmat tarixidagi eng yirik musobaqa sifatida qayd etmoqda.

custom img

Vertolyotlar orqali nazorat: 70 kg giyohvandlik o‘simliklari yo‘q qilindi

Tadbir davomida Andijon, Samarqand va Buxoro viloyatlarida marixuana saqlash hamda kannabis yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holat aniqlandi.

custom img

Toshkent avtobuslarida rekord: bir kunda 1,5 mln yo‘lovchi

Toshkentda 170 ta avtobus yo‘nalishi mavjud.

custom img

O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi

Aeroportda Prezident va rafiqasini Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Chjun hamda boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

custom img

Buxorodagi reydda 211 ta jarimasi bor mashina topildi

Haydovchining 137 mln so‘mlik maʼmuriy jarimasi bo‘lgan.

custom img

“Madaniy merosning millati bo‘lmaydi”: Agentlik Alisher Qodirovning bayonotiga javob berdi

Madaniy meros agentligi Bobur ko‘chasidagi obyektning tarixiy qiymatini ta’kidlab, uni saqlash masalasida qonun va ekspertizaga tayanilishini bildirdi.

custom img

Andijonda 900 xil dori vositalari yo‘q qilindi

Maʼlum bo‘lishicha, ular belgilangan talablarga javob bermaydi va isteʼmolga yaroqsiz hisoblanadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"