“Kafka va K*”: har bir ota-ona ko‘rishi kerak bo‘lgan spektakl

“Shams-i-Qamar” teatr studiyasi. Boshqa teatrlardan farqli o‘z tomoshabinini nomma-nom taniydi. Har qanday stereotip-qoliplardan holi, faqat va faqat teatr, sanʼat uchun ko‘ngilli, ko‘ngildan ijod qiladi.

“Kafka va K*”: har bir ota-ona ko‘rishi kerak bo‘lgan spektakl

 

Taxta eshik. Ko‘rimsizgina kulba. Devorga kartinalar osig‘liq. Ilgari bu yerda rassom Viktor Gubskiy yashagan. O‘n besh yildan beri esa ichida teatr va sanʼatga o‘zgacha otashi, jununi bo‘lganlarga ijodxona, sahna vazifasini o‘tamoqda. Ziyolilar orasida bu kulbani bilmaydiganlar kam. Shovqinu maishiy muammolarga botib qolgan odam adasha-adasha bu maskanga keladi-yu, ko‘ngli va asliyatini topib qaytadi. Uning nomini “Shams-i-Qamar” teatr studiyasi deydilar.

 

Kafka va K*” spektakli (Frans Kafkaning “Otamga maktub” essesi va “Evrilish” novellasi asosida) bilan 15-mavsum ochildi. Chiroq o‘chirildi. Spektakl boshlandi. Kichik xona burchagiga amal-taqal siqqan 10-15 chog‘li tomoshabin orasidan aktyor (Muxtor Asrorov) oq ko‘ylakka kapalaknusxa bo‘yinbog‘ qo‘ndirib, kalta qora ishton va uzun oppoq paypoqda qo‘llarini orqaga mahkam siqqancha chiqib keldi. Sahna shundoq tomoshabinning burni tagida – ikki qadam narida. Xona devorlari ko‘chib, o‘pirilib tushgan, ikkita – katta-kichik derazasi bor, xona to‘rida eshik va stul, devorning ikki tomoniga buzuq soat, onasining portreti va to‘n bilan do‘ppi ilingan, o‘rtada ko‘rpacha turibdi.

 

 

Rejissyor Jamshid Valiyev ishiga tan bermay iloji yo‘q: go‘yo rassom Viktor Gubskiy qachonlardir uning Kafka asariga spektakl sahnalashtirishini oldindan bilgan-u, shunga mos uy qurib ketgandek. Sahnadagi har bir detal – devorning ko‘chkisiyu, siniq deraza darchasigacha, aktyorning bir maromdagi monologi, unga zid holda keskin harakatlari, kiyimidan to ziragigacha, oraga bir dam cho‘kuvchi sukunat  va musiqagacha – hammasi GAPIRADI. Hatto tomoshaning kechki, shom paytiga mo‘ljallanganida ham maʼno bor: qahramon his-tuyg‘ulari jo‘shgani sari derazadan ichkariga mo‘ralayotgan oqshom ham quyuqlasha boradi. Qorong‘ilik qahramon ichki holatini tasvirlabgina qolmay, tomoshabinni ham o‘sha zulmatga va yo zulmatni uning ichiga olib kira olgan.

 

Ko‘hna va hech eskirmas mavzu: ota-bola munosabati. Otasining oldida o‘zini suvarakdek his qilgan farzandning otaga murojaati, iddaosi, isyoni, nafrati, iztirobi... va muhabbati. Tomoshabin bir soatlik monospektakl paytida shu tuyg‘ularning barini tuyadi, aktyorga qo‘shilib holatdan holatga o‘ta boradi. Sahnadagi rekvizitlar ham holatdan-holatga ko‘chib, maʼno evriladi: stul bir qarasang yostiqqa, bir qarasang panjaraga, ko‘rpacha esa avvaliga o‘z vazifasida, keyin joynamoz, kitobga aylanadi.

 

 

Shuningdek, spektaklda “Beqasam to‘nlar kiyib, buncha meni kuydurasan, Har zamonda bir qarab, voy beajal o‘ldurasan” va “Oq ilon, oppoq ilon oydinda yotgoning qani, Men yomondan ayrilib, yaxshini topgoning qani?” qo‘shiqlarining o‘g‘ilning otaga murojaati tarzida yangrashi rejissyor topilmasi bo‘lgan, deb aytish mumkin.

 

O‘g‘il sahnada odam emas, suvarak obrazida namoyon bo‘ladi. Otasining unga yoshlikdagi tazyiqi, zulmi, qalbiga joylagan vahmi sabab u o‘zini odamdek emas, o‘ziga ishonchi yo‘q, mayda, ahamiyatsiz hasharotdek bo‘lib o‘sgani va shunday his qilishini ochib-sochadi. Yuziga boqib aytolmagan necha yillik dardi, og‘rig‘i va muhabbatini to‘kib-sochib, kitobni yopadi (ko‘rpachani taxlaydi).

 

Bu paytda xona ichiga butkul zulmat cho‘kkandi. Aktyor spektakl so‘ngida sahnani tark etarkan, tuyqus chiroqni yoqib, so‘ng eshik xatladi. Tomoshabin miq etmay, har biri o‘z taassuroti, xayoli bilan o‘tiribdi. Hech kim bir-birovga boqmaydi, hammaning ko‘zi bir nuqtaga (balki o‘tmishga) qadalgan. Ammo chiroq yondi. O‘g‘il ichidagi asrab yurgan neki bor to‘kdi-qutuldi. Ichidagi jang tugadi. Ko‘ngli yorishdi, yengil tortdi.

 

 

Chiroq yondi. Spektakl tugadi. Va hammasi shundan so‘ng boshlandi. Tashqariga oqshom cho‘kkan. Poyi-piyoda yo‘lning chetida ketib boryapman, zuv-zuv o‘tayotgan mashinalar shovqinini miyamda g‘uv-g‘uv aylanayotgan xayollar bosib ketyapti: “Ota-ona bo‘lmoqlikning masʼuliyati bunchalar og‘ir. Farzandlarimni qanday tarbiyalasam to‘g‘ri bo‘ladi? Qanday yo‘l tutsam, ularning qalbida nafrat uyg‘otmayman o‘ziga, o‘zimga va olamga?..”

 

Asosiy qahramoni Qo‘rquv bo‘lgan Frans Kafka asarlari bizning jamiyatga begona emas. “Kafka va K*” monospektaklidagi qahramon og‘riqlari, iztirobi, nafrati, isyoni va muhabbatini oramizdagi ko‘pchilik boshidan kechirgan. Bolaga hukmronlik, tazyiq, zo‘ravonlik esa asosiy tarbiya usulimiz. Hatto o‘zimizcha unga mos maqol-matallar ham bitib olganmiz: “Qo‘rqsa, hurmat qiladi!” Bolaligimizdan miyamizga singdirilgan bu fikrning mahsulini har qadamda – oilada, ishda, o‘zaro munosabatlarda har kuni ko‘ramiz. Bu tuyg‘u qadriyatga aylanib, biz bilan shunchalar bir butun bo‘lib ketganki, kundalik yugur-yugurlar u haqda o‘ylab ko‘rishga-da fursat qoldirmaydi.

 

 

“Shams-i-Qamar” teatr studiyasi haqida ko‘p eshitganman. Eshitganim hamono bir borib ko‘rish istagi tug‘ilgan. Bir ko‘rib esa, yana va yana qaytgim kelyapti bu dargohga. Uch kishidan iborat jamoa (rejissyor, aktyor va badiiy rahbar Qamariddin Ortiqov) bugungacha shu kichik sahnada katta asarlar yaratdi (“Jaydari Martin”, “Bizning, faqat bizning Kichik shaxzoda”, “Ch.A.Ch.A.”, “Fayumjahon”, “Sharpalar”, “Momo Yer”, “Ko‘k kvadrat”). Boshqa teatrlardan farqli o‘z tomoshabinini nomma-nom taniydi. Har qanday stereotip-qoliplardan xoli, faqat va faqat teatr, sanʼat uchun ko‘ngilli, ko‘ngildan ijod qiladi. Toshkentning bir burchida ko‘ngling tortib boradigan bir “kulba”ng bo‘lgani qanday yaxshi.

 

Ko‘nglingiz to‘kilib, maishiy muammolardan charchab, to‘yib ketgandagina emas, ularga qul bo‘lib qolmaslik uchun ham teatrga boring. Qo‘rquv, vahima, zulm kabi o‘zingizni-da, o‘zgani-da yeb bitiruvchi kasalliklardan ozod bo‘ling. Teatrga qayting, aslingizga qayting. Kafka asarlari asosidagi monospektaklni esa har bir “otaman”, “onaman” deguvchi odamning borib ko‘rishini juda istardim.

 

Sevara ALIJONOVA,

jurnalist

custom img

Tramp Eronning “so‘zsiz taslim bo‘lishini” talab qildi

AQSh prezidenti Eron taslim bo‘lgach, mamlakatni tiklashda AQSh va ittifoqchilari yordam berishini aytdi.

custom img

AQSh va Isroil zarbalari oqibatida Eronda halok bo'lganlar soni 1300 dan oshdi

Zarba berilgan hududlarda qidiruv-qutqaruv va vayronalarni tozalash ishlari davom etmoqda.

custom img

AQSh Erondan keyin Kubaga e’tibor qaratadi — Tramp

AQSh prezidenti Kuba masalasida davlat kotibi Marko Rubio faoliyatiga yuqori baho berdi va Vashington bu yo‘nalishni diqqat bilan kuzatayotganini ta’kidladi.

custom img

Ozarbayjon Erondagi diplomatlarini chaqirib olishga qaror qildi

Qaror Naxchivondagi dron hujumidan so‘ng qabul qilingan, ammo Eron tomoni voqea ortida uchinchi kuchlar bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

custom img

Eron xavfsizlik sababli yangi oliy rahbar nomini e’lon qilishni kechiktirdi

AQSh va Isroil bayonotlari yangi rahbar ham ehtimoliy nishonga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

custom img

Turkiya 20-martgacha Eronga aviareyslarni bekor qildi

BAA, Qatar, Quvayt va Bahraynga parvozlar ham noma’lum muddatga to‘xtatilgan.

custom img

Dubayda atigi 10 kunga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlari qoldi

Yaqin Sharqdagi mojaro Dubay va boshqa shaharlarda oziq-ovqat yetkazib berishga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

custom img

Tehron markazidagi Xomanaiyning maxfiy bunkeri vayron qilindi — IDF

Operatsiyada 50 ga yaqin harbiy samolyot ishtirok etgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"

“Kafka va K*”: har bir ota-ona ko‘rishi kerak bo‘lgan spektakl