"Kimgadir churq etsang seni ham otang kabi o‘ldirib yuboraman" — Zangiotada ayolni sobiq eri ayovsiz kaltakladi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan masʼul tashkilotlar munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida erkak 4 soat davomida xotinini kaltaklab, o‘ldirishga uringani aytilgan xabarlar tarqaldi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 8 oktabr kuni B.Sh. ismli erkak sobiq ayolini xonaga qamab, ovozi qo‘shnilarga eshitilmasligi uchun televizor va radioning ovozini balandlatgan holda ayovsiz kaltaklagan. Og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zarbalardan xushini yo‘qotgan ayolni dugonasining qo‘ng‘irog‘i qutqarib qolgan.
Keyinchalik B.Sh. kimdir uyga kelib qolishidan cho‘chigan holda ayolni shifoxonaga olib borib, “agar kimgadir churq etsang seni ham otang kabi o‘ldirib yuboraman”, deya qo‘rqitgan. Shundan so‘ng, ayol tibbiy tekshiruvlardan ham yolg‘iz o‘zi o‘tgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ular 2017-yilda oila qurgan va doimiy janjallar tufayli 2019 yilda qonuniy ajrashgan. Ayol bir nafar farzandi bilan uysiz qolgan va huquqshunoslarning maslahati bilan yana sobiq erining uyiga qaytib borgan.
Maʼlum qilinishicha, 11-oktabr kuni Zangiota tumani IIB tomonidan B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ham munosabat bildirdi.
Zangiota tumani «Xo‘jamozor» mahallasida yashovchi fuqaro bilan bog‘liq holat Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy boshqarmalari boshliqlari — Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Nodira Umarova va Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyevalar tomonidan o‘rganilgan. Ayol bilan suhbatlashilgan.
"Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda zo‘ravonga nisbatan qonuniy jazo qo‘llash va ayolni sog‘lig‘i to‘liq tiklanib ketishi, tegishli barcha davolash ishlarining amalga oshirilishini masʼullar tomonidan nazoratga olingan", — deyiladi munosabatda.







