O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

25-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan jamoatchilik vakillarini va ular orqali butun xalqni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
Prezident so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini rivojlantirish hamda chekka hududlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha katta ishlar bajarilgan.
“So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi”, – dedi Prezident.

Ma’lum qilinishicha, shu davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirilgan. Natijada qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Prezident mamlakatda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar ko‘payib borayotganini qayd etdi.
“Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda”, – dedi davlat rahbari.
Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ishga tushirilgan. Ular hisobiga 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan.

Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l hamda 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurilgan, ta’mirlangan va rekonstruksiya qilingan.
Bugungi marosimda mamlakatning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.

Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.
Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 573 megavattlik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘istonda 200 megavattlik shamol elektr stansiyasi va 100 megavattlik energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yangi metallurgiya korxonalari esa sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga yo‘naltirilgan.
Prezident ijtimoiy sohadagi loyihalarning ham ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi. Shular qatorida Yangi Toshkent hududida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi ham bor. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Universitetda Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1-oktabrdan Sun’iy intellekt instituti ham ish boshlaydi.
Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Kutubxonada 28 dan ortiq o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ziyod kitob jamlangan.
Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining yangi bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.
Farg‘ona viloyatidagi yangi tibbiyot muassasasida yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.
Davlat rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuqori baholadi.
“Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi”, – dedi Prezident.
Tadbirda ushbu loyihalarni barpo etishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor hamda investorlarga minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyektini foydalanishga topshirdi.








