Toshkentda talaba qiz o‘zini metro yo‘liga tashladi
Uni IIO xodimi qutqarib qolgan.

Kecha, 12-oktyabr kuni Toshkentda talaba qiz o‘zini metro yo'liga tashladi.
“Alisher Navoiy” metro bekatida xizmat qilayotgan IIO xodimi O.Ilhomov qiz elektr poyezdi stansiyaga yaqinlashayotgan paytda relsga sakrab tushganini payqab qolgan.
Xodim darhol unga yordamga shoshilgan va relsga sakrab tushib uni ko‘tarib tortib olishga harakat qilgan.
Mashinist xodimni payqab, darhol elektr poyezdini to‘xtatgan. Bu vaqtda ikkinchi nazoratchi xodimi A.Asqarov yordamga yetib kelgan va u ham relsga tushib, qizni birgalikda platformaga ko‘tarib olishgan.
Shundan so‘ng poyezdlar harakati tiklangan. Qiz bilan suhbat o‘tkazilganda, u 2005 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgani, hozirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 2-kurs talabasi ekani maʼlum bo‘lgan. Qizga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uning qarindoshlariga ushbu voqea haqida xabar berilgan.
Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng stansiyada joylashgan kuzatuv kameralaridagi videoyozuv tekshirilganda voqea vaqtida qiz o‘zini noodatiy tutgani aniqlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.







