O‘zbekiston yangi xalqaro transport yo‘lagini barpo etishda qatnashadi
Ushbu yo‘lak tranzit tashuvlari va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan Qozog‘iston – Turkmaniston – Eron – Turkiya Respublikalarining transport vazirligi hamda temiryo‘l sohasi vakillari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda “Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolash bilan bog‘liq jarayonlarni jadallashtirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama etildi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘nalishini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar “Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport koridorini rivojlantirish barcha uchun birdek manfaatli ekanligini, ushbu yo‘lak tranzit tashuvlari va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Ushbu hamkorlikning umumiy maqsadi mintaqada savdoni rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlar hajmini oshirish, tranzit tashuvlari va undan tushadigan tushumlarni ko‘paytirishdan iborat. Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.







