Bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 21,2 foizga oshdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari sentyabr oyidagi monitoring natijalarini e’lon qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari ma’lum qilishicha, sentyabr oyidagi monitoring natijalariga ko‘ra, tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 21,2 foizga oshdi.
Eng yuqori o‘sish Jizzaxda (101,8 foiz), Surxondaryoda (40,6 foiz), Samarqandda (33,3 foiz), Andijonda (25,8 foiz), Toshkentda (25,8 foiz), Namanganda (19,9 foiz) va Toshkent shahrida (27,5 foiz) kuzatildi.
Bojxona daromadlarining o‘sishi asosan mahsulot turlari, transport uskunalari va uning butlovchi qismlari, texnik jihozlar, metallar va buyumlar, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha importning oshgani bilan bog‘liq bo‘ldi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon eksport hajmi Farg‘ona, Toshkent, Jizzax va Namangan viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida kamaygan.
Bu pasayish ip-kalava, mineral o‘g‘itlar va trikotaj buyumlar, metallar, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlar, plastmassa va ulardan tayyorlangan mahsulotlar eksportining qisqarishi bilan bog‘liq.
Eksport o‘sishi Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida qayd etildi.







