Toshkent metrosining yerosti bekatlaridagi yopiq vestibyullar ochiladi
5 ta metro bekatining ikkinchi kirish-chiqish joylari betonlar va panjaralar bilan to‘sib qo‘yilgandi.

Toshkent metropolitenining yerosti bekatlaridan 5 tasiga bekatning faqat bitta tomonidan kirib-chiqish mumkin. Beshala holatda ham ikkinchi vestibyul shu bekatlar foydalanishga topshirilgan vaqtdan buyon yopiq qolyapti.
Bular — “Milliy bog‘”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston”, “Yunus Rajabiy” va “Mashinasozlar” bekatlaridir.
Ulardagi ikkinchi kirish-chiqish joylari betonlar va panjaralar bilan to‘sib qo‘yilgan.


“Toshkent metropoliteni”ning maʼlum qilishicha, bu bekatlardagi ikkinchi vestibyullar ular qurib foydalanishga topshirilganidan buyon yopiq holatda qolmoqda. Bunga yo‘lovchilar oqimining juda kamligi sabab bo‘lgan.
Maʼlum bo‘lishicha, hozirgi kunda Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MCHJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan.
Ekspertiza xulosasi olinganidan keyin, bosqichma-bosqich taʼmirlash ishlari olib borilib, barcha yopiq vestibyullar 2024 yilning may oyigacha ochib qo‘yiladi.









