Toshkentda nosozlik yuz bergan lift davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagani aniqlandi
Joriy yil avgustdan roʻyxatga olinmagan lift uskunalarini foydalanishga qabul qilish toʻxtatilgandi.

Avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi liftda nosozlik yuz bergani xabar qilingandi. Qurilish vazirligi holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, koʻtarish qurilmasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan va foydalanishga qabul qilinmagan. Shuningdek, liftda tegishli tartibda davriy sinov ishlari amalga oshirilmagan. Mazkur liftga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha maxsus tashkilot bilan shartnoma tuzilmagan hamda liftni soz holatda saqlash, uni bexatar ishlatish boʻyicha javobgar shaxs tayinlanmagan.
2020-yilda ishlab chiqarilgan, koʻtarish ogʻirligi 1 000 kg boʻlgan lift qurilmasiga belgilangan tartibda texnik xizmat koʻrsatilmaganligi sababli shaxta kabinasi eshiklarining kontaktlari boʻshab qolgan. Ushbu lift harakatda vaqtida kimdir liftning tashqi eshiklarini qoʻl yordamida ochishga uringan. Natijada xavfsizlik moslamasi ishga tushgan va lift oʻzini-oʻzi toʻxtatish vazifasini bajara boshlagan.
Oʻrganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushgan holda toʻxtagani aniqlangan. Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan liftdagi kamchiliklarni bartaraf etish va voqea tafsilotlarini chuqur oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisadan hech kim jabrlanmagan.
Eslatib oʻtamiz, liftlarda mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning avgust oyidan boshlab Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan roʻyxatga olinmagan lift uskunalarini foydalanishga qabul qilish toʻxtatilgan.







