Hokimlik aholidan vaziyatga to‘g‘ri baho berib, sabr qilishlarini so‘radi
Toshkent shahar hokimligi poytaxtda isitish mavsumi qachon boshlanishini aytdi.

Toshkent shahrida isitish mavsumi Gidrometeorologiya xizmati tavsiya bergan kundan boshlanadi, deb xabar qildi shahar hokimligi.
"Maʼlum qilamizki, isitish mavsumi Gidrometeorologiya xizmati agentligidan isitish mavsumini maʼlum sanadan boshlash tavsiyasi olinganidan keyin Toshkent shahar hokimining qarori bilan boshlanadi", — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga hokimiyat isitish mavsumi yaqin kunlarda boshlanishini aytib o‘tgan.
"Toshkent shahri aholisidan vaziyatga to‘g‘ri baho berib, sabr qilishlarini so‘raymiz hamda yaqin kunlarda isitish mavsumi boshlanishini maʼlum qilamiz", — deyiladi xabarda.
Hokimiyat, shuningdek, isitish mavsumining boshlanishi "jiddiy jarayon ekanini va ular bunga masʼuliyat bilan yondashishini" alohida taʼkidlab o‘tgan.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 194-son qaroriga asosan, poytaxtda isitish mavsumi ob-havoning sutkalik o‘rtacha harorati 5 kun davomida +8 darajadan past bo‘lgan vaqtda boshlanishi hamda harorat +8 darajadan oshganda tugatilishi kerak.







