Emmanuel Makron bugun O‘zbekistonga keladi
Fransiya prezidenti ikki kun rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makron 1-2 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yana-da rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari eʼtibor markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumi ishida ham ishtirok etadilar.
Sammit yakunida bir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar hamda savdo-investitsiyaviy kelishuvlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.







