BMT Isroilning harakatlaridan hayratda
Tashkilot ta'sir kuchiga ega davlatlarni vaziyatga aralashishga chaqirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning G‘azo sektoridagi tez yordam mashinalariga zarba bergani haqidagi xabarlardan hayratda.
"G'azoda Al-Shifa markaziy kasalxonasi yaqinida tez yordam mashinalari karvoniga hujum qilingani haqidagi xabardan dahshatga tushdim. Kasalxona yaqinidagi ko'chaga sochilib ketgan jasadlarning tasvirlari yurakni ezadi", — dedi bosh kotib. Guterrish, shuningdek, anklavdagi vaziyat og‘ir ekanini, oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetishmasligini ta’kidladi.
Bosh kotib, xususan, ta'sir kuchiga ega bo'lgan barcha shaxslardan G'azo sektoridagi odamlarning "azoblariga barham berish" va "mintaqa bo'ylab mojaro tarqalishining oldini olish" uchun harakat qilishlarini so'radi. Guterrish tomonlarni yana gumanitar sulh tuzishga chaqirdi.
"Xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish kerak. Fuqarolar va fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, gumanitar va tibbiyot xodimlari hamda mulklari himoya qilinishi zarur", — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Guterrish Falastin-Isroil mojarosi avj olgani munosabati bilan xalqaro gumanitar huquq normalarini menyudan taomlar kabi tanlab bo‘lmasligini, ularga so‘zsiz amal qilish kerakligini yodda tutishga chaqirgandi.







