«Chernyayevka»da «mega probka» — rasmiylar izoh berdi
Chegaradagi turnaqator navbatlar tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda xalq tilida «Chernyayevka posti» deb nomlanuvchi «Gʻishtko‘prik» chegara bojxona postida kuzatilayotgan tirbandliklar keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi mazkur masalaga rasmiy munosabat bildirib, ayni kunlarda bojxona postida qurilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Navoiy» postida ham zamonaviy bojxona posti qad rostlayapti, shu sababli post yopiq. Asosiy oqim ushbu postga yo‘nalmoqda. Biz shu sababli, ko‘proq «Yallama»dan o‘tishni tavsiya qilyapmiz. «Gʻishtko‘prik» posti orqali fuqarolar va transport oqimi yildan yilga ko‘paymoqda, shu uchun post butunlay zamonaviy qiyofa kasb etadi», – deyiladi xabarda.
Boshqarmaning ta’kidlashicha, bojxona postida qurilish-ta’mirlash ishlari ketayotgani haqida muntazam ogohlantirib kelinmoqda.
«Postda yangi terminal, avtomobil yo‘li, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda. Kelgusi yilning mart oyida foydalanishga topshiriladi», – deyiladi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabarida.







