Toshkent aeroportida ayirboshlash shoxobchalari ko‘paydi
Bu yerda yo‘lovchilar pullarini o‘zbek so‘mlariga almashtirishlari mumkin.

Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminalida qo‘shimcha ayirboshlash shoxobchasi ochildi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ikkinchi nuqta terminalga kirishda, bagajlarni o‘rash punkti yonida joylashgan. Birinchi nuqta oldingi joyida — terminalning qarama-qarshi tarafida VIP va CIP zallari yonida qoldi.
Poytaxt aeroportida yo‘lovchilar dollar, yevro, ingliz funt sterlingi, shveytsariya franki, yapon yenasi, rubl, qozoq tengesini o‘zbek so‘mlariga almashtirishlari mumkin. Ikkala ayirboshlash shoxobchalari ham O‘zbekiston Milliy bankining filiallari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, valyuta ayirboshlash shoxobchalari Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida ham mavjud.







