O‘zbekistonda eksportni rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?
Aynan eksportchi korxonalar mamlakat sanoati va iqtisodiyotining drayveri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda eksport salohiyatini oshirish, milliy mahsulotlar uchun eksport yo‘nalishlarini kengaytirish va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash, eksportchi tadbirkorlarni va korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga davlat rahbari tomonidan doimiy ravishda eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, eksportyorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, eksportbop tovarlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida eksportyorlar soni 6 417 ga yetdi. Eksportga chiqadigan mahsulotlar nomenklaturasi 3938 taga yetkazildi.
2022 yil yakuni bilan tovarlar va xizmatlar eksporti 19 mlrd. 309 mln. dollarni tashkil etdi. 2023 yilning 9 oyida eksport ko‘rsatkichi – 17,7 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Maʼlumki, jahon bozorlarida raqobat tobora keskinlashib borayotgan sharoitda mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali yangi bozorlarga kirib borish va anʼanaviy bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yana-da kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi PQ-4069-sonli "Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Eskportni rag‘batlantirish agentligi tuzilgan.
Bugungi kunda Agentlik Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida eksportni qo‘llab-quvvatlovchi davlat instituti bo‘lib, milliy eksport qiluvchilarga jahon bozorida mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va tashqi iqtisodiy faoliyat doirasida mavjud to‘siqlarni yechish uchun moliyaviy va nomoliyaviy yordam taqdim etmoqda.
Asosiy eʼtibor mahalliy sanoat korxonalari tomonidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar eksportining oshirilishiga qaratilmoqda (eksport hajmlarining o‘sishi asosiy drayver sohalar sifatida belgilab olingan to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar va kimyo sanoati mahsulotlari va boshqalar).
Jumladan, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 2022 yilda eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- 586 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha 310 mlrd. so‘mlik kompensatsiya to‘lab berilgan;
Ushbu korxonalar asosan ho‘l va quritilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik va trikotaj, farmatsevtika, charm-poyabzal, elektrotexnika va qurilish hamda boshqa turdagi sanoat mahsulotlarini eksport qilgan. Eksportning umumiy qiymati 894,8 mln. dollarga teng bo‘lgan mahsulotlar 37 ta davlatlarga yetkazib berilgan.
- 314 ta eksportyor korxonalarga garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda 44,7 mlrd. so‘mlik sug‘urta mukofoti xarajatlari qoplab berildi. Buning natijasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan 647,9 mln. dollarlik eksport amalga oshirilgan;
- 294 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish bo‘yicha 41,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Buning natijasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar halqaro standartlarga moslashtirilib, jahon bozoriga sifat jihatidan raqobatlashadigan 987,2 mln. dollarlik mahsulotlar tashqi bozorlarga eksport qilingan;
- 473 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha 41,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- 73 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga davriy nashrlarga obuna bo‘lish, taqdimotlar va reklama kompaniyalarini o‘tkazish bo‘yicha 4,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish uchun 74 ta eksport qiluvchi korxonalarga 511 mln. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- eksport qiluvchi korxonalarga vakolatli organlarning meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur sertifikatlarni (fitosanitar sertifikati, tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat, muvofiqlik sertifikati) rasmiylashtirish bilan bog‘liq 34,8 mlrd. so‘mlik xarajatlar qoplab berildi;
- 14 ta hudud bo‘yicha 272 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun 18 ta tijorat bankiga 164,1 mln. dollar miqdorida moliyaviy resurs ajratildi;
– 722,8 mln. dollarlik tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qilgan 747 ta korxonalarga 84,4 mlrd. so‘m miqdoridagi subsidiyalar ajratildi.
2023 yil yanvar-sentyabr oylarida eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- 611 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha 305,2 mlrd. so‘mlik kompensatsiya to‘lab berildi;
- 249 ta eksportyor korxonalarga garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda 33,7 mlrd. so‘mlik sug‘urta mukofoti xarajatlari qoplab berildi;
- 230 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish bo‘yicha 33,8 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- 323 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha 33,6 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- 98 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga davriy nashrlarga obuna bo‘lish, taqdimotlar va reklama kompaniyalarini o‘tkazish bo‘yicha 3,5 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- eksport qiluvchi korxonalarga vakolatli organlarning meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq 28,1 mlrd. so‘mlik xarajatlar qoplab berildi;
- mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish uchun 32 ta eksport qiluvchi korxonalarga 287,2 mln. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi;
- tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi 1 109 ta korxonaga 89,1 mlrd. so‘mlik subsidiya ajratildi;
- 14 ta hudud bo‘yicha 272 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun 18 ta tijorat bankiga 233,7 mln. dollar miqdorida moliyaviy resurs ajratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Agentlik tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga jami 515 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, 1 mlrd 660 mln. dollar miqdorida eksport amalga oshirilishiga erishildi.
Shu bilan birga, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida, shu jumladan “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Eksportchilar markazi tashkil etildi.
Eksportchilar markazi faoliyati doirasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, eksportoldi moliyalashtirish uchun kredit ajratish, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, bojxona rasmiylashtiruvi, karantin nazorati bilan bog‘liq 922 ta muammoli masalalarning 598 tasi o‘z yechimini topdi.
So‘nggi yillarda davlat tomonidan eksport bilan bog‘liq yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topishga alohida eʼtibor qaratilishi istiqboldagi yangi bozorlarga "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" brendi ostidagi milliy mahsulotlarni olib chiqish uchun zamin yaratadi.
Aynan eksportchi korxonalar mamlakatimiz sanoati va iqtisodiyotining drayveridir. Milliy mahsulotlarimiz eksporti rivojlanishi natijasida aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi va bu o‘z navbatida insonlarning farovonligini oshiradi.







