Samarqandda IIB xodimlari va ayollar janjallashdi
Holatga viloyat hokimligi izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Toyloq tumanida IIB xodimlari ayol kishiga kuch ishlatayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Holat kecha, 13 noyabr kuni Toyloq tumani Ilmobod mahallasida sodir bo‘lgan. Fuqaro L.E. va Z.J. Samarqand viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Toyloq tuman filiali balansida bo‘lgan 10 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda egallab, atrofida uzunligi 25 metrdan iborat devor qurib olgan.
Mazkur yer maydoni esa ichimlik suvi inshootini qurish bo‘yicha Toyloq tumani hokimining 2019 yil 18 apreldagi qarori bilan “Suvoqova” davlat unitar korxonasi hisobiga o‘tkazilgan.
Yerga daʼvo qilayotgan fuqaro L.E.da yerga egalik huquqini beruvchi hech qanday hujjat mavjud emas. Shu boisdan Kadastr palatasi Toyloq tuman filiali tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olgan devorni o‘z xohishi bilan belgilangan muddat ichida buzib, o‘z holiga qaytarib qo‘yish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Biroq fuqaro ogohlantirishlarga qaramay, noqonuniy qurilgan devorni buzmagan.
Ushbu yer maydoniga ichimlik suvi minorasini qurib, Ilmobod hamda Bunyodkor mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida kecha, 13 noyabr kuni viloyat hamda tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida mazkur devor buzilib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Buzish vaqtida esa fuqaro L.E. hamda uning qarindoshlari jarayonga faol qarshilik ko‘rsatgan. Shu bois jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida hududga IIB xodimlari ham jalb qilingan.







