Ayrim yog‘ mahsulotlarini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi
"Moyli urug‘larni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.

"Moyli urug‘larni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, o‘zlari import qilgan kungaboqar urug‘i va texnik chigitni qayta ishlash orqali ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘ini yoki o‘zlari import qilgan o‘simlik yog‘ini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish)ga ruxsat beriladi.
Bunda, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan eksport qilinadigan o‘simlik yog‘i miqdori ular tomonidan import qilingan kungaboqar urug‘i va texnik chigit miqdorining 15 foizidan yoki import qilingan o‘simlik yog‘i miqdorining 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Kungaboqar va paxta yog‘i (TIF TN kodi 1512) hamda aralash yog‘lar (TIF TN kodi 1517909100)dan tashqari boshqa o‘simlik va meva urug‘lari yog‘larini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.
Belgilab qo‘yilishicha, qarorga asosan eksport qilish mumkin bo‘lgan o‘simlik yog‘i hajmini aniqlashda xo‘jalik yurituvchi subyekti tomonidan 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab import qilingan moyli urug‘ yoki o‘simlik yog‘i hajmlari inobatga olinadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda zarur hollarda oziq-ovqat xavfsizligi, mamlakat aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanganlik darajasi hamda ichki bozorda narx barqarorligidan kelib chiqib, o‘simlik yog‘i eksporti mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.







