Toshkentda o‘quvchini tartibga chaqirgan maktab direktori uni tepib, haqoratladi — video
Shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda o‘quvchini tartibga chaqirgan maktab direktori uni tepib, haqoratlagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qildi:
Voqea 2023 yil 19 sentyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 217-maktabda sodir bo‘lgan. O‘sha kuni 8-"B" sinf o‘quvchilari A.M. hamda Sh.I.lar sinfxonada o‘zaro mushtlashib qolgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, tan jarohati yetkazgan. Bundan xabar topgan maktab maʼmuriyati o‘quvchilarni direktor xonasiga boshlagan. Maktab direktori Y.Sh. maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Chilonzor tuman IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M.I. guvohligida o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. A.M.ga tanbeh berish chog‘ida maktab direktori jahl ustida uni so‘kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, maktab maʼmuriyati, o‘qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig‘ilish o‘tkazilgan. Ayni paytda voqea huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.
"O‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to‘g‘ri kelmasligini, buning uchun qonunchiligimizda jazo choralari belgilab qo‘yilganligini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro‘siga putur yetkazadi, xolos", — deyiladi xabarda.







