Toshkentda Jah Khalib konserti kuni tartibsizlik yuz berdi
Holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrdagi “Humo arena” saroyida 25-noyabr kuni tartibsizlik yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqaldi. Tarmoqdagi xabarlarda mashhur xonanda Jah Khalib konsertiga odamlar chiptasi bo‘lsa ham kirolmagani, shuning uchun odamlar to‘plangani aytiladi.
Holat yuzasidan Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu konsertga tashrif buyurgan fuqarolar o‘rtasida “Humo arena” saroyiga kirish joylari oldida tartibsizlik holatlari yuz bergan. Shu yerda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan jamoat tartibini buzganlikda gumonlangan fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilib, yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldi olingan.
Tartibbuzarlikka doir holat yuzasidan surishtiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Hozirda barcha fuqarolar voqea joyidan tarqatilgan. Tan jarohati olganlar yo‘q.







