O'zbekiston

Qumqo‘rg‘on hokimiga hadya qilingan Equinox egasiga qaytarildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.

Qumqo‘rg‘on hokimiga hadya qilingan Equinox egasiga qaytarildi

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov tadbirkor sovg‘a qilgan avtomobilni hokimlik balansiga olish to‘g‘risidagi farmoyishini bekor qildi.

 

Aksilkorrupsiya agentligiga ko‘ra, ushbu holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmagan, lekin hokimlikka sovg‘a qilingan avtomobil narxi hukumat qarorida belgilangan me’yorlardan yuqori.

 

Shu yil 17 oktyabr kuni «Qumtex Invest» MCHJ rahbari Ural Begimqulov Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimligiga 400 million so‘mdan qimmat turuvchi avtomobil sovg‘a qilgan edi.

 

 Jamoatchilik noroziligidan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, hokimlikka korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish haqida taqdimnoma kiritgan.

 

Agentlik direktori Akmal Burhonovga ko‘ra, ushbu holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmagan. Lekin hokimlikka sovg‘a qilingan avtomobil narxi hukumat qarorida belgilangan me’yorlardan yuqori.

 

Shu sababli Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov taqdimnomaga asosan, avtotransport vositasini hokimlik balansiga o‘tkazish haqidagi farmoyishini bekor qildi.

 

Oktyabr oyida hokimlikka qimmatbaho avtomobil sovg‘a qilgan shaxs – Ural Xalmurzayevich Begimqulov bo‘lib, u «Qumtex Invest» MCHJning rahbari hisoblanadi. Yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bilan shug‘ullanadigan bu korxona ta’sischilari turli xil klaster va tekstillarga chatishib ketgan.

 

Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng farmoyishni jamoatchilikdan yashirib qo‘ygan edi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"