O'zbekiston

"Yerdan mo‘l hosil yetishtirish – chinakam jasorat"

Prezident qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi.

"Yerdan mo‘l hosil yetishtirish – chinakam jasorat"

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

"Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan barcha zahmatkash insonlarni, butun xalqimizni qutlug‘ bayram – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.

 

Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

 

Aynan sizlarning saʼy-harakatlaringiz bilan qadimiy anʼanalarga ega bo‘lgan o‘zbek dehqonchilik maktabi rivojlanmoqda, agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buning tasdig‘ini bu yil mamlakatimizda ilk bor 8 million 200 ming tonna g‘alla, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

 

Ana shunday fidokorona mehnat va ulkan natijalar uchun sizlarga el-yurtimiz nomidan har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi, albatta.

 

Aziz do‘stlar!

 

Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda asosiy eʼtiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqdamiz. Shu maqsadda 800 dan ziyod agroklasterlar tashkil etildi. Bugungi kunda paxta va g‘allaning 100 foizi, meva-sabzavot mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘i aynan ular tomonidan yetishtirilmoqda.

 

Bu yil dala mehnatkashlariga 10 ming 500 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar yetkazib berildi. Sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib bormoqda.

 

Cho‘llanish, yerlarning sho‘rlanishi va degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kungacha 500 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilib, 3 milliard kub metr suv iqtisod qilingani va qariyb 1 million gektar yerning suv taʼminoti yaxshilangani ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasidir. Joriy yilda qo‘shimcha ravishda 100 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekilgani, mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilgani yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Sohadagi ana shunday o‘zgarishlar jarayonida aholi daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oxirgi ikki yilda 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 670 ming nafar yurtdoshimizga tanlov asosida berildi. Natijada 2 milliondan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilib, qo‘shimcha 3 million tonna mahsulot yetishtirildi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot tannarxini 30-35 foizga tushirish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 1 million 500 ming gektarga yetkazish, sifatli va serhosil navlarni, zotdor chorva naslini ko‘paytirishga, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

 

Biz ana shunday masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizlar kabi katta bilim va tajribaga ega, mirishkor va omilkor insonlarga tayanamiz.

 

O‘z navbatida, davlatimiz va jamiyatimiz sohani yana-da ravnaq toptirish, sizlarning sharafli mehnatingizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq ahlining hayotini obod va farovon qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etadi.

 

Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lidagi ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.

 

Xonadonlaringizni xursandchilik, tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka hech qachon tark etmasin!", deyiladi tabrik matnida.

custom img

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida Blogerlar ijodiy kengashi tashkil etildi

Kengash blogerlarning kasbiy rivojlanishi, media savodxonligini oshirish va yosh kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

custom img

Turkiyalik olimning O‘zbekiston haqidagi kitobi nashr etildi

Kemal Yavuz Atamanning 1991-yildan buyon O‘zbekistondagi kuzatuvlari va tadqiqotlari jamlangan "Men tanigan O‘zbekiston" asari o‘zbek va turk tillarida taqdim etildi.

custom img

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida ekologik klub tashkil etish taklif qilindi

Uyushma qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining “Yashil iqtisodiyot va ayollar: kelajakni asrash mas’uliyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

custom img

Namangan shahrining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

Shuningdek, u 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

custom img

Samarqandda yuk mashinasi ag‘darilib ketdi, haydovchi halok bo‘ldi

Yuk mashinasi kabinasida yong‘in chiqishi ortidan haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, beton to‘siqqa urilgan.

custom img

Mahallalarning energetik pasporti yaratiladi — Energetika vaziri

Energetika sohasida iste’molchilarga mobil ilova orqali qarzdorlik va ta’minotdagi uzilishlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi tizimlarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

custom img

Abduqodir Husanov og‘ir judolikka uchradi

Husanovning bobosi, “Bunyodkor” U-19 jamoasi bosh murabbiyi Hikmat Hoshimovning otasi Husan bobo vafot etdi.

custom img

O‘zbekistonlik hamshiralar AQShga ishga yuborilishi mumkin

Tomonlar buning uchun mutaxassislarni qo‘shimcha tayyorlash, sertifikatlash va litsenziyalash masalalarini o‘rganishga kelishdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"