O'zbekiston

Samarqandda "Xalq banki" bo‘lim boshlig‘i 631 million so‘m kirim pullarini onlayn qimorga tikib yubordi

Viloyatda 6 nafar mansabdor pora bilan qo‘lga tushdi.

Samarqandda "Xalq banki" bo‘lim boshlig‘i 631 million so‘m kirim pullarini onlayn qimorga tikib yubordi

 

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan davlat xizmatchilari aniqlandi.

 

 

Xususan, 1987 yilda tug‘ilgan, Samarqand tumanida yashovchi, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi.

 

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, 1966 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” GTF metrologiya xizmati boshlig‘i R.J. o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va isteʼmol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam o‘zgartirib kelgan.

 

Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘irlik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi taʼsir ko‘rsatgan.

 

Hozirda, R.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Yuqoridagi holatga ko‘maklashgan 1982 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” “Narpaytumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan.

 

Hozirda, Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

 

Yana bir holatda esa 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “AT “Xalq banki” Samarqand filialida Chakana bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Y. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 million so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini “1 XBET” qimor o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘ygan.

 

Ushbu holat yuzasidan Sh.Y.ga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Bundan tashqari, bir holatda Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning direktori, 1980 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, 1968 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro A.J.lar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablag‘larini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi.

 

“Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda, markaz mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, jamiyatning 1,3 milliard so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirib yuborganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

 

Hozirda ushbu har ikkala shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"