O'zbekiston

"Qurolli Kuchlarimiz matonat maktabiga aylanmoqda"

Prezident Vatan himoyachilarini tabrikladi.

"Qurolli Kuchlarimiz matonat maktabiga aylanmoqda"

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.

 

"Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

 

Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

 

Qadrli vatandoshlar!

 

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini ko‘radi.

 

Mana shu qutlug‘ ayyomda barchamiz sizlarning metin irodangiz, jangovar ruhingiz va shiddatingizga qarab, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligi mustahkam ishonchli qo‘llarda ekanini yana-da chuqur his etmoqdamiz.

 

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-Minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

xalqimizning asl o‘g‘lonlariga xos fazilatlar ulug‘lanadigan mana shu unutilmas lahzalarda Vatan oldidagi burchini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan botir jangchilarimizni yod etib, ularning o‘lmas xotirasi oldida taʼzim qilamiz.

 

Ishonchim komil, ular o‘zlarining jasorati va o‘chmas nomlari bilan el-yurtimiz qalbida hamisha barhayot yashaydi, jangovar saflarda ularning o‘rni, aziz xotirasi hech qachon yo‘qolmaydi.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borayotgan islohotlarimiz natijasida milliy armiyamizda chuqur sifat o‘zgarishlari yuz bermoqda, uning saflarida xizmat qilish tom maʼnoda shon-sharaf ishiga aylanib bormoqda.

 

Bu borada, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

 

Bugungi kunda harbiy xizmatchilarimizning professional mahorati va obro‘-eʼtibori jahon miqyosida ham yuksalib bormoqda. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

 

Harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz hamda Milliy armiyamiz va xalqimizning faol hamkorligi tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolatiga, chinakam jasorat va matonat maktabiga aylanmoqda, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

 

Qadrli do‘stlar!

 

Dunyo miqyosidagi hozirgi o‘ta murakkab vaziyatda mamlakatimiz xavfsizligi va manfaatlarini ishonchli taʼminlash yana-da dolzarb vazifamizga aylanmoqda.

 

Shuni hisobga olgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlash, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yana-da mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

 

Shu asosda mamlakatimizning harbiy-ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan taʼminlash, qo‘shinlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga yana-da ulkan ahamiyat qaratamiz.

 

Buyuk Amir Temur bobomiz aytganlaridek, g‘alaba taqdirini avvalo qo‘shinning jangovar ruhi va tayyorgarligi, maʼnaviy qudrati va mustahkam irodasi hal qiladi.

 

Shu bois, milliy armiyamizning chinakam kuch-qudratini belgilab beradigan qo‘rqmas va dovyurak harbiylarimiz qalbida jangovar ruhni oshirish, ularni har qanday qiyinchilik va sinovga chidamli va matonatli etib tarbiyalash bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

 

Aziz Vatan himoyachilari!

 

Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, olijanob va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

 

Azmu shijoatli O‘zbekiston harbiylari – Vatanimiz posbonlariga shon-sharaflar bo‘lsin!", deyiladi tabrik matnida.

 

custom img

O‘zbekistonda telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi belgilandi

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar pul yuborishda oluvchining bank hisobvarag‘i yoki bank kartasi rekvizitlarini kiritishi shart bo‘lmaydi.

custom img

“Ushbu tashrif yana bir muhim sahifani ochdi”: Saida Mirziyoyeva Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi haqida

Saida Mirziyoyeva Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi haqida fikr bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari va imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning ahamiyatini qayd etdi.

custom img

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

custom img

Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish vaqtini 8:00 dan boshlash taklif qilinmoqda

Taklifga ko‘ra, ish kunining umumiy davomiyligi o‘zgarmaydi. Xodimlar ishni bir soat ertaroq boshlaydi va shunga mos ravishda bir soat ertaroq yakunlaydi.

custom img

Qozog‘istonda YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari Vatanga olib kelindi

Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda zarur choralarni ko‘rdi.

custom img

O‘zbekistonda talabalar uchun “Dolzarb qirq kunlik” boshlandi

Mazkur davr davomida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

custom img

Andijonda umumiy ovqatlanish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi

Hozirda hodisa sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.

custom img

Islom sivilizatsiyasi markazi jahon mediasiga buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi sifatida taqdim etildi

Qariyb 50 davlatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar ishtirokidagi forumda Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro media salohiyati hamda buyuk merosni zamonaviy multimedia formatlarida yoritish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"