Bolangiz “yashirin tarmoq"dami? Hushyor bo‘ling, u giyohvand bo‘lishi mumkin...
Farzandingiz lug‘atida yangi "parol"lar paydo bo‘lgan bo‘lsa, buni beeʼtibor qoldirmang.

Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda giyohvandlik va psixotrop moddalar aylanmasiga qarshi kurash kuchaygan sayin bu moddalar savdosi shakllari ham shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Eng achinarli va xavfli tomoni shundaki, avvallari yoshlarni faqat qurbon sifatida o‘z domiga tortgan jinoyatchilar endi ularni narkotik savdosiga ham jalb qila boshlagan.
Giyohvandlik vositalari ham o‘zgarib bormoqda. Anʼanaviy narkotiklar o‘rniga ulardanda kuchli, ammo tarqatish qulay bo‘lgan dorilar, psixotrop moddalar muomalaga kirib keldi. Ular qo‘llayotgan yana bir usul: “tovar”ni bir shaxs muayyan manzilga yashirib ketadi, joy haqida xabar beradi va xaridor uni o‘sha joydan olib ketadi. Bunday holatda sotuvchi va oluvchi o‘zaro duch kelmasligi sababli “savdo” xavfsizligi taʼminlanadi.
Dastlab “o‘z orzularini” ro‘yobga chiqarish uchun katta pul topish ilinjida bu qabohatga qo‘shilib qolgan bolalar chiqib ketishga yo‘l topolmay qoladi. Natija esa maʼlum: shantaj, qo‘rqitish, o‘zi ham giyohvandlikka ruju qo‘yish, boshqa jinoyatlar, kaltaklanish, zo‘ravonlik, qamoq bilan hammasi tugaydi.
Bunday holatda birinchi navbatda ota-ona sifatida har birimizdan alohida hushyorlik va ogohlik talab etiladi. Narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar changaliga tushgan bolaning dardini o‘z vaqtida sezish va unga yordam berish mumkin.
✔️ Bola narkotik isteʼmol qilayotganini ko‘rsatuvchi belgilar:
(*Shuni yodda tutingki, quyida keltirilgan belgilar o‘tish yoshidagi bolalarda boshqa holatlarda ham kuzatilishi mumkin. 1-2 ta belgiga qarab darhol xulosa chiqarishga shoshilmang. Birinchi navbatda, o‘z xavotirlaringiz to‘g‘risida farzandingiz bilan ochiqchasiga va samimiy gaplashishga harakat qiling.)
— Telefon yoki kompyuterda “TOR” brauzeri bor. Ushbu brauzer darknet tizimidan (ingl. Darknet – “yashirin tarmoq”) foydalanish imkonini beradi. Bu tizimda kiruvchi va chiquvchi xabarlar qaysi IP-manzildan kelayotganini bilib bo‘lmaydi. Aynan shuning uchun jinoyatchilar bolalar pornografiyasi, qurol va narkotik moddalar savdosida ushbu tizimdan foydalanadi.
— Do‘stlari o‘zgaradi, jargonga xos so‘zlashuv uslubi paydo bo‘ladi. Ular narkotik moddalarni o‘z nomi bilan emas, boshqacha so‘zlar bilan nomlab oladi.
— Jismoniy belgilar: ko‘p terlaydi (terda o‘ta notanish hid paydo bo‘ladi), butun tanada yoriqlar paydo bo‘ladi, sochlar sinuvchan bo‘lib qoladi, ko‘z qorachig‘i sezilarli darajada kengayadi. Bundan tashqari, ishtahaning yo‘qolishi, doimiy chanqoq holati, uyqusizlik kuzatiladi. Narkotik va psixotrop moddalar terining shilliq qavatiga zarar yetkazishi sababli, tez-tez burun qonashi mumkin.
— Diqqatni jamlolmaslik, mayda narsalar bilan o‘ralashib qolish. Masalan, bola biror ish bilan soatlab maʼnosiz shug‘ullana boshlaydi.
— O‘z qobig‘iga o‘ralib olish. Narsalarini doimiy yashirishga intilish, xonani qulflab olish, hamma narsani berkitib yurish. Birov taʼqib qilyapti, degan doimiy xavotir.
— Bola ko‘p pul so‘rashni, uydan narsalar yo‘qolishni boshlaydi.
✔️ Bola narkotik va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatuvchi belgilar:
— Besabab katta miqdorda pul, qimmat buyumlar, kiyimlar paydo bo‘lishi.
— Telefonda suratga manzil koordinatalarini tushirish imkonini beruvchi maxsus ilovalar, xususan, “ViPole”, “Jabber”, “Wechat”, “Signal” kabilarning mavjud bo‘lishi.
— Telefon yoki kompyuterda TOR brauzeri bor. (Bu haqda yuqorida maʼlumot berilgan.)
— Telefonda ovloq joylar suratlari haddan tashqari ko‘p: odam kam yuradigan yo‘laklar, daraxtzorlar, bolalar maydonchalari.
— Bolaning yonidan noodatiy narsalar ko‘p chiqadi. Bular: kuyish alomati bo‘lgan pipetka, o‘ralgan pul kupyurasi, yaltiroq qog‘oz, izolenta, zip-paketlar.
— Bank kartalarining paydo bo‘lishi (boshqa shaxslar nomida ham bo‘lishi mumkin).
— Oqshom paytida xiyobon yoki daraxtzorga ko‘p qatnash. Bolaning oyoq kiyimiga eʼtibor qarating: poyabzal yoki kiyimda aerozol ballonlarining izlari bo‘lishi mumkin. Ular yordamida odatda butun shahar bo‘ylab narkodo‘konlar reklamasi tarqatiladi. Bu ish orqali daromad topadiganlar “trafaretchik” deb ataladi.
✔️ Narkotik va psixotrop moddalarni tarqatish uchun javobgarlik
Qonunchilikka ko‘ra, bunday moddalarni tarqatish, tashish, sotish uchun 16 yoshdan jazo belgilangan. Ushbu qilmishni sodir etgan bola bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Shuningdek jinoyat kodeksining 274-moddasiga ko‘ra:
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrogiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni har qanday shaklda isteʼmol qilishga jalb etish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamoat joyida narkotik moddalar taʼsiri ostida bo‘lish uchun javobgarlik belgilanmagan. Agar shunday holat aniqlansa o‘sha shaxs majburiy davolanishga yuborilib, reabilitatsiya ishlari olib boriladi. Agar bola 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, farzand tarbiyasiga masʼuliyatsizlik uchun ota-ona maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
✔️ Qayerdan yordam so‘rash kerak?
Farzandi giyohvandlik yoki psixotrop moddalar isteʼmol qilayotgani yoki tarqatayotgani haqida shubhalanayotgan ota-onalar nima qilishi lozim? Birinchi navbatda, bola bilan ochiqdan-ochiq gaplashish kerak. Agar o‘zingizning kuchingiz yetmasa, psixolog yordamidan foydalaning. Hatto farzandingiz bilan samimiy munosabatda bo‘lsangiz ham, mutaxassis yordami foydadan xoli bo‘lmaydi.
Agar bola bunday moddalarga ruju qo‘yganini tan olsa, darhol narkolog mutaxassisga murojaat qiling.
Agar bola bunday moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotganini tan olsa, avvalo advokatga murojaat qiling. Chunki ota-ona va bola javobgarlik, so‘roq, tergov, tintuv jarayonlari haqida aniq tasavvurga va yo‘l-yo‘riqqa ega bo‘lishi zarur. Mamlakatimizda Voyaga yetmaganlar himoyasi davlat advokati tomonidan bepul amalga oshiriladi. Shu bilan birgalikda, ichki ishlar organiga murojaat qilish lozim. Yodda tuting, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan faol hamkorlik javobgarlikni yengillatishi, hatto bola butunlay javobgarlikdan ozod bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda bolaning shaxsi to‘liq himoyaga olinadi: uning shaxsiy maʼlumotlari sir saqlanadi, sud majlislarida ishtiroki kamaytiriladi, alohida qo‘riqlanadi. Jinoyat kodeksining 276 moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi.
Qo‘shimcha maʼlumot va yordam uchun quyidagi kontaktlarga murojaat qilishingiz mumkin: https://gov.uz/iiv/contacts/







