Samarada o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib ketdi
Avtohalokat oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar bor.

Rossiyadagi Samara viloyatining Kinelskiy tumanida avtobus Ural-Muxanovo trassasidan chiqib ketib, ag‘darilib ketdi. Bu haqda IIV viloyat bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Scania rusumli avtobusni boshqarayotgan haydovchi Ural-Muxanovo avtomobil yo‘lining 26-kilometrida harakatlanar ekan, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlamaydigan tezlikni tanlagan va bu transport vositasining yo‘ldan chiqib ketishiga, keyin esa ag‘darilib ketishiga olib kelgan.
Avtohalokat oqibatida avtobusning ikki yo‘lovchisi halok bo‘lgan, qolgan o‘n nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarmasi ushbu avtomobil Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tganini maʼlum qildi. Avtobus Nijniy Novgorodga O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan bo‘lgan.







