Avtobuslarda bepul yurish qimmatga tushdi: 158 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlandi
Yo‘l haqini to‘lamaganlardan yil boshidan buyon 3,66 mlrd so‘mdan ortiq jarima undirilgan.

Toshkent shahridagi avtobuslarda yil boshidan buyon yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan 158 237 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 1–22-noyabr kunlari o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 19 457 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Bu kuniga o‘rtacha 884 ta holatni tashkil qiladi.
22-noyabr holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon yo‘l haqini to‘lamaganlardan undirilgan jarimalar miqdori 3 mlrd 661 mln so‘mdan oshgan. Shundan qariyb 449,9 mln so‘mi noyabr oyining dastlabki 22 kunida undirilgan.
Shuningdek, nazorat olib borilayotgan avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimi ham tahlil qilinmoqda. 18–21-noyabr kunlari 8, 11, 14, 28, 93, 116 va 131-sonli yo‘nalishlarda jami 449 802 nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu o‘tgan haftaning mos davriga nisbatan 5 792 nafarga yoki 1,3 foizga ko‘p.
Mazkur yo‘nalishlarda to‘rt kun davomida 1 228 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yo‘lovchilar oqimining eng yuqori o‘sishi 11-sonli yo‘nalishda kuzatilib, 11,2 foizni tashkil etgan.








