Ko‘chada o‘z farzandini do‘pposlagan ota qamaldi
Bugun uning ishi sudda ko‘rib chiqilgan.

Ijtimoiy tarmoqda o‘zi bilan yashashni istamagan farzandini urayotgan otaning videosi tarqalgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 2024 yilning 23 mart kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan E. Ya. Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi tog‘asiga tegishli qurilish mollari do‘konida bo‘lgan vaqtida otasi M. X. kelib, E. Ya. ni o‘zi bilan olib ketishini aytgan. Bola u bilan ketishni xohlamasligini, otasi bilan onasining o‘zaro janjallari sabab ular bilan birga yashamasligini maʼlum qilganida, otasi zo‘rlik ishlatib olib ketmoqchi bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, bu oilada er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik holatlari muntazam ravishda kuzatilganligi sababli joriy yilning 2 fevral kuni O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan M. X. ning tazyiq harakatlarini cheklash maqsadida uning turmush o‘rtog‘i S. M. ga himoya orderi berilgan.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar qonuniy hal etilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.
2024 yilning 27 aprel kuni M. X. sud tomonidan MJtKning 183 (Mayda bezorilik) va 185 (2) moddalari (Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi.







