Ikki viloyatda sud boshqaruvchilari pora bilan ushlandi
DXX bu bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Samarqand viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi tumandagi oilaviy korxonani tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangan.
U korxona faoliyatini tekshirish davomida, amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda 1 milliard 916 million so‘m pul mablag‘i boshqa shaxslarga o‘tkazib yuborilganligi aniqlagan va ushbu pul mablag‘i qaytarilmasdan korxonani bankrot deb e'lon qilish masalasini hal qilib berish evaziga 1200 AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda sud boshqaruvchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi Shofirkon tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatni tugatishga masʼul etib tayinlangan.
Lekin, u MCHJ rahbarini ishonchiga kirib, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qayta tekshiruv o‘tkazilmasligi hamda davlat reyestridan chiqarishda sud va soliq idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilib, muqaddam 200 AQSH dollari olgan.
Sud boshqaruvchisi qolgan 800 AQSH dollarini olayotgan paytida ushlangan.







