Toshkentda ko‘chadan erkak jasadi topildi
Tekshiruvda marhum samarqandlik fuqaro ekani aniqlangan.

1-iyul kuni soat 06:03 larda Toshkent shahar IIBB 102 maxsus raqami orqali tushgan xabarga ko‘ra, Bektemir tumani “Bektemir” mahallasida gazon ustida nomaʼlum erkak kishining jasadi qonga belangan holda yotgan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi va tuman rahbarlari yetib borgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad Samarqand shahrida doimiy ro‘yxatda turuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekani aniqlangan.
Dastlabki xulosaga ko‘ra, murdaning ikkala qo‘lining bilak qismlarida, bo‘yin qismida hamda chap oyog‘i son qismida kesilgan jarohatlari aniqlanib, ushbu tan-jarohatlarni o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilgan. Voqea joyida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad yotgan joydan 1 dona lezviya qon dog‘lari bilan topilib, rasmiylashtirib olingan.
Marhum to‘g‘risida uning yaqin aloqalari, yashash manzili va faoliyat turini aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.







