Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik: gumonlanuvchi Gruziyada qo‘lga olindi
Interpol Milliy markaziy byurolari xodimlari ishtirokida fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Interpol kanallari orqali olib borilgan hamkorlik natijasida O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro Gruziyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Qayd etilishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxsning Gruziya hududida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida uni ushlash va O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Gruziyaning vakolatli organlari qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olgan. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan. Qonunchilikda belgilangan tartib-taomillar yakunlangach, shaxsni O‘zbekiston tomoniga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Interpol Milliy markaziy byurolari xodimlari ishtirokida fuqaro Gruziyadan O‘zbekistonga olib kelingan. Hozirda unga nisbatan qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda.
Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ushlash va ekstraditsiya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.








