20 ming dollarlik opiy: Farg‘onada ikki nafar shaxs ushlandi
Yozyovon tumanida 1 kilogramm opiy giyohvandlik vositasini sotishga uringan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi.

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 1 kilogramm opiy giyohvandlik vositasini 20 ming dollarga sotishga uringan ikki nafar shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1981-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan fuqaro 1998-yilda tug‘ilgan sherigi bilan giyohvandlik vositasini sotishga uringan. Ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot tuzilmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular qo‘lga olingan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy aylanishining oldi olingan giyohvandlik vositalarining qora bozordagi umumiy qiymati 240 million so‘mni tashkil etadi.
Holat yuzasidan Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








