O'zbekiston

Islom Sivilizatsiyasi markazida yangi ekspozitsiya yaratiladi

U markazning tashrif qog‘ozi bo‘lishi kutilmoqda.

Islom Sivilizatsiyasi markazida yangi ekspozitsiya yaratiladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi va hamkor tashkilotlar, olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov yig‘ilganlarga markazning “Yangi O‘zbekiston –Yangi Renessans” bo‘limini yaratishda jiddiy eʼtibor qaratish lozimligi haqida gapirdi:

 

– “Yangi O‘zbekiston –Yangi Renessans” bo‘limi markazning tashrif qog‘ozi bo‘ladi. Shuning uchun ham mahalliy mutaxassislardan sohalariga sidqidildan yondoshishlari so‘ralib, hamkor tashkilot vakillariga o‘zlarining loyihalarini puxta va mukammal shaklda taqdim etilishida eʼtibor qaratishlari lozim.

 

Shuningdek, uchrashuvda “Sila sveta” kompaniyasi asoschisi Aleksandr Us, kompaniya ijodiy direktori Boris Kislitsin yig‘ilganlarga o‘z taqdimotlarini namoyish etdi. Nufuzli kompaniya vakillari ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

 

Markaz katta ilmiy xodimi Obidjon Tangirov har bir eksponatni muzeylashtirish va bu jarayonlarni hujjatlashtirish bo‘yicha texnik topshiriqlar, loyihalarni moliyalashtirish tartiblari haqida maʼlumot berib o‘tdi.

 

“Sila sveta” kompaniyasi “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyasi uchun immersiv shou loyihasini taklif qilmoqda. Ushbu shou orqali Yangi O‘zbekistondagi ilmiy va madaniy taraqqiyot, zamonaviy islohotlar va bunyodkorlik ishlari innovatsion usullarda namoyish etiladi. Shou orqali O‘zbekistonning ilmiy yutuqlari va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar aks ettirilishi ko‘zda tutilgan.

 

Uchrashuv davomida loyihalarning bajarilish tartiblari, unda ahamiyat qaratilishi kerak bo‘lgan mazmun, mohiyat va texnik yechimlar muhokama qilindi. Markazni mazmunan boyitish bo‘yicha zarur taklif va mulohazalar bildirildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"