O'zbekiston

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Firdavs Abduxoliqov amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar, faksimile nusxalar, maket va mulyajlar bilan boyitish masalalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, ekspozitsiyaning ilmiy va innovatsion loyihalariga bag‘ishlangan Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv qizg‘in bahs-munozaralar, keskin tanqidiy munosabatlar va tahliliy fikrlarga boy bo‘ldi.

 

Uchrashuv avvalida Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov ayni paytdagi jarayonlar, so‘nggi bir oy ichidagi o‘zgarishlar, amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yil 29 yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazga tashrif buyurib ekspozitsiyalar bilan tanishish davomida ajdodlarimizning  dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini keng miqyosda ko‘rsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazish, dolzarb g‘oya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yana-da boyitish va takomillashtirish bo‘yicha bergan zarur ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalariga katta eʼtibor qaratilyapti.

 

Shuningdek, joriy yil 11 martda Bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan Vasiylik kengashi yig‘ilishida belgilangan vazifalar bo‘yicha so‘nggi bir oy ichida 500 ga yaqin mahalliy olimlar jalb qilingan. “Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans davri, Ikkinchi Renessans va o‘zbek xonliklari davri; “Yangi O‘zbekiston – Yangi renessans” singari bo‘limlar uchun 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar uchun 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar birgalikda ish olib borishi kerakligi qayd etildi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.

 

Bugungi kunga qadar 9 ta yo‘nalish bo‘yicha 12 marta Ilmiy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Respublika bo‘ylab 40 ga yaqin kichik ishchi guruhlar tomonidan so‘nggi bir oyning o‘zida 50 ga yaqin muhokamalar bo‘lib o‘tdi.


Markaz kontentini boyitish doirasida tashkil etilayotgan 5 ta asosiy ko‘rgazma zallarda ilmiy-innovatsion loyihalardan tashqari artefaktlar, qo‘lyozmalar, mulyajlarga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. 
O‘tgan oyning o‘zida Frederik Bressan (Fransiya), Sergey Laptev (Yaponiya), Irina Osmanova (Rossiya) kabi bir qator xorijiy mutaxassislar ishtirokida  respublika bo‘yicha o‘nga yaqin muzeylardan artefaktlar tanlab olishga erishildi. Bu hali yetarli emas. Shu nuqtai nazardan xorijiy muzeylar, kutubxonalarga murojaat qilinyapti. Markaz ochilishiga dunyoning 50 dan ortiq muzey va kutubxonalar ishtiroki rejalashtitrilgan.

 

Yig‘ilishda markazda Restavratsiya bo‘limi tashkil etilishi yuzasidan Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining bo‘lim boshlig‘i Igor Malkiyel va muzey vakili Irina Guruleva taqdimot qilishdi. Taqdimot davomida Rossiya Davlat Ermitaji muzeyida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga oid eksponatlarni markaz ekspozitsiyasiga olib kelish va shu bilan birga Markazda maxsus yirik laboratoriya tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. 
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Markazda alohida aynan Restavratsiya bo‘limi ochilishi juda muhim, chunki O‘zbekistonda ko‘plab arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazilmoqda va ulardan olingan ashyolarni aynan shu restavratsiya markazida tiklash imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

Maʼlumot uchun qayd etish kerakki, Ermitajning laboratoriyalarni tashkil etishda yuz yildan ortiq tajribasi bor. Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining restavratsiya imkoniyatlari juda yuqori bo‘lib, dunyoda eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan, yaʼni nanotexnologiyadan foydalaniladigan laboratoriya hisoblanadi. 
Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining bo‘lim boshlig‘i Igor Malkiyel o‘z faoliyati davomida dunyoning turli mamlakatlarida restavratsiya-konservatsiya laboratoriyasini tashkil etishda bevosita ishtirok etgan bo‘lib, zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etishda juda katta tajribaga ega mutaxassisdir.


Shuningdek, dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" media-loyihasi  direktori va prodyuseri Ahmad Salim (Buyuk Britaniya) bolalar uchun maxsus intellektual maydoncha tashkil etish bo‘yicha o‘z loyihasini taqdim qildi. Uning taʼkidlashicha, mazkur maydoncha bolalarga allomalarning hayoti va merosi bilan yaqindan tanishish, virtual muloqot qilish imkoniyatini yaratadi.

 

Ahmad Salim direktori va prodyuserligidagi "1001 kashfiyot" media-loyihasi dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritgan va bu ishlar hali ham davom etmoqda. Ushbu media-loyihaning ko‘pgina ko‘rgazmalari ochilishida bir necha o‘nlab davlat rahbarlari ishtirok etishgan. Shuningdek, Ahmad Salimning "1001 kashfiyot" media-loyihasi Buyuk Britaniya, BAA qirollari, O‘mmon sultonining ham alohida eʼtiboriga tushgan.

 

Qayd etish kerakki, Davlatimiz  rahbari Markazga tashriflari davomida yoshlar, bolalar uchun alohida sharoit yaratish haqida ham topshiriq bergan. Ana shu topshiriqlar ijrosi bo‘yicha bu loyiha amalga oshirilmoqda. Unda madaniy merosimizni o‘rgatadigan xilma-xil innovatsion ekspozitsiyalar bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Markazda 800 kvadrat metr maydonga ega zal bo‘lib, dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" kompaniyasi direktori va prodyuseri Ahmad Salim jamoasi tomonidan unda bolalar uchun alohida ekspozitsiya tashkil etilishi jarayoni boshlab yuborilgan. Bu Markazga bolalari bilan tashrif buyurganlar uchun qulaylik yaratadi. Loyiha bolalarga muhim va zarur maʼlumotlar bilan innovatsion usulda tanishish imkonini beradi.

 

“Musulmon mamlakatlarida 40 dan ziyod loyihalarni amalga oshirganmiz. 500 mingdan ortiq bolalar biz tayyorlagan ekspozitsiyalardan bahramand bo‘lgan. O‘zbekistonda amalga oshiradigan bu loyiha – biz uchun alohida ahamiyatga ega”, – dedi Salim Ahmad.

 

Shuningdek, bolalar uchun markazni tanishtiruvchi rangli kitoblar nashr etish, viloyatlardagi bolalar uchun ko‘chma namoyishlarni tashkil etish rejalari haqida ham maʼlumot berildi. Bu loyiha 3 tilda – o‘zbek, ingliz va rus tillarida amalga oshiriladi.


Yig‘ilish davomida ekspozitsiyani ilmiy va innovatsion jihatdan rivojlantirish bo‘yicha belgilangan 9 ta yo‘nalish rahbarlari o‘z taqdimotlari orqali bo‘limlardagi yangiliklar va qo‘shimchalarni maʼlum qildilar.


1638 kvadrat metrga teng Qurʼoni karim zalida bu ilohiy kitobning 316 ta nodir nusxalari namoyish qilinadi. Unda xorijning turli muzeylarida saqlanadigan qimmatbaho, nodir Qurʼoni karim kitobining asl va ko‘chirma nusxalari olib kelinadi. Eksponatlar ochiq namoyishga qo‘yiladi. Shuningdek, 2025 yil 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia tomonidan topshirilgan Saudiya Podshohining hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchig‘i (Kisva)ning bir bo‘lagi ham o‘rin oladi. Xorij muzeylari ham Muqaddas Kaʼba yopinchig‘lari(Kisva)ning qadimiy nusxalari bilan Markaz ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda. 


Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi 5 ta kichik bo‘lim (Qadimgi Xorazm, So‘g‘d, Baqtriya, Choch va Qadimgi Farg‘ona) sivilizatsiyalariga ajratilgan. Umumiy hisobda respublika muzeylaridan olinadigan artefaktlar 44 ta, Markaz fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va asl nusxalar 37 ta, xorijiy muzeylardan olinadigan artefaktlar 39 tani tashkil etadi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu bo‘limga qo‘shimcha jalb qilinadigan umumiy eksponatlar soni 200 dan oshadi.  Bo‘lim uchun masʼul Tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova ayni vaqtda bo‘limda ish jaryonlari qizg‘in davom etayotganini taʼkidladi:

 

– Ekspozitsiya ichida yana bir ekspozitsiya paydo bo‘ladi. Biz bu bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqqanmiz. Bo‘limga kirgan kishi boy tariximiz, madaniyatimizdan xabardor bo‘lib chiqishi kerak. Shu bo‘yicha ishchi guruh tinmasdan, fidoyilik bilan shaxsiy jonbozligini ko‘rsatmoqda. Biz qo‘shimcha izlanganimizda yana yangi va bo‘limga qo‘shishimiz kerak bo‘lgan eksponatlar kelib chiqmoqda. Bu bizning tariximizning naqadar boy va ichiga kirgan sari yana yangiliklar kelib chiqishini isbotlamoqda, – dedi Jannat Ismoilova.

 

“Birinchi Renessans davri” guruh rahbari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduxalimov kengash yig‘ilishida maʼlum qilishicha, ekspozitsiyadagi noodatiy bo‘lim bo‘lishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, bo‘lim bino ichida kichik bino ko‘rinishida bo‘ladi.

 

Markazni munosib tarzda ochib, xalqimizga topshirsak, zmmamizdagi masʼuliyatli vazifani uddalagan bo‘lamiz. Biz olimlar ertayu kech shu haqida bosh qotiryapmiz. Bo‘limimizda jami 220 dan ortiq artefaktlar, 126 tadan ortiq loyihalar amalga oshirilishi rejalangan. Loyihalardan umidimiz katta. Bo‘limning shakli ham noodatiy, kirgan odam jozibador tariximizdan bahramand bo‘lib chiqadi. Bo‘limdan kashfiyotlar, yangiliklar va yangi topilmalar doimiy joylashtirib borilishi imkoniyati bo‘ladi. Eksponatlarning mantiqiy almashinuvi ham yo‘lga qo‘yiladi, – dedi B. Abduhalimov.

 

“Ikkinchi Renessans” bo‘limi guruh rahbari, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev ham loyihalar bo‘yicha taqdimot qildi. “Ikkinchi Renessans” bo‘limi ekspozitsiyasi 148 ta loyiha bo‘yicha shaxslar kesimida 5 ta davrga bo‘linganini taʼkidladi. Amir Temur, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Culton Husayn Mirzo va Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur sektorlari shular jumlasidan. 


Shulardan 304 tasi xorijda saqlanayotgan Temuriylarga oid ashyolar, 106 ta O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan ashyolar umumiy soni kelajakda baza sifatida kiritiladi.  


Mazkur bo‘lim bo‘yicha Kengash aʼzolari tomonidan binoning kirish qismiga Arkaga qisman o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar kiritildi. Shuningdek, yig‘ilishda markazdagi rangtasvir sanʼatiga oid asarlar tahlili ham amalga oshirildi. Kengash aʼzolari tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Bahodir Jalolov taʼkidiga ko‘ra ekspozitsiyaning har bir eksponatlarini shakli, joylashuvi ham nafis va go‘zal bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritdi. 

 

Kengashning har yig‘ilishida o‘zim uchun yangiliklar olaman. Markazni tashkil etish masalasi yuzasidan har bir yig‘inimiz juda masʼuliyatli tashkil etiladi. Ekspozitsiya uchun obrazlarni yaratishda  olimlarning ham mana shunday qizg‘in muzokaralarni aks ettirgim keldi. Olimlar yig‘ilgan joyda, albatta, bahs, munozara bo‘ladi. Bu xalqaro ekspertlar, hamkorlar tomonidan ham iliq kutib olindi.  Mahalliy olimlar tomonidan turli fikr va munosabatlarni bildirib o‘tdi. Bularni asrarlarimda inobatga olishga harakat qilaman. Ulardan asosli fikrlar  bildiryapti, – dedi Bahodir Jalolov.

 

Tarixiy shaxslar siymosi doim bahs va munozaralar markazida bo‘lgan.  Kengashning avvalgi yig‘ilishlarida ham bu masala uzoq va davomsiz muhokama etilgan edi. Bu masalada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, sanʼatshunos Akbar Hakimov Bahodir Jalolov asarlarini yuqori baholadi. U yaratgan asarlarida tarixiy haqiqat va tafakkur qilingan ijod mahsuli mavjudligi taʼkidlab o‘tdi.

 

Tarixchi bo‘lgan voqeani qanday bo‘lganini  yozadi, rassom esa voqea qanaqa bo‘lishi mumkin edi,  deya unga ijodiy yondoshadi. Shuning uchun tarixiy shaxslarning siymolarini yaratishda ijodkorni erkin qo‘yaylik, ularning aniq ilmiy va tafakkuri asosida ijod qilishiga imkon beraylik. Uni inkor etmaslik kerak. To‘g‘ri, bunga jiddiy yondashishi kerak, lekin butun boshli asarni bitta so‘z bilan barbod qilib bo‘lmaydi. Rassom salohiyatiga ishonish kerak, uni g‘oyalar bilan qo‘llash kerak, – dedi Akbar Hakimov.

 

Kengash yig‘ilishida taʼkidlanishicha, joylardan nodir eksponatlar misqollab yig‘ib olinadi. Xorijga safarlar uyushtirildi, ekspeditsiya davomida mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid 300 dan ortiq  eksponatlar topildi. Bu albatta katta Markaz uchun kam. Noyabr oyida yurtimizda YUNESKO tomonidan mamlakatimizda nufuzli tadbir o‘tkazilishi rejalangan. Unda 400 dan ortiq eksponatlar Markazga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joylarga ekspeditsiya uyushtirilishi va hududlardagi uy muzeylari, madaniyat maskanlaridan eksponatlar Markaz uchun to‘planishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, eksponatlar yashirin  tarzda emas, ochiq holda xalqqa namoyish etilishi maʼlum qilindi. Eksponatlar yerto‘lalarda, yopiq muzeylarda emas ochiq, yorug‘ va zamonaviy ochiq binoda saqlanadi. Kengash aʼzolari tayyor kontentlarni albom tarzida masʼullarga taqdim etish va jaryonlarga kirishishni kelishib olishdi.  

custom img

Toshkentda sud qaroridan norozi erkak daraxtga chiqib oldi

U pastga tushirilgach, Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib,murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilgan.

custom img

“Tashabbusli byudjet”da 47 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topildi

Mazkur loyihalar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘laridan jami 18,2 mlrd so‘m ajratildi.

custom img

O‘zbekistonda poyezdlar kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadi

Yo‘lovchilardan poyezdlar belgilangan jadvaldan kech kelishi, manzilga kech yetib borishi haqida shikoyatlar kelib tushgan.

custom img

Toshkent va Sirdaryoda “Umra” ziyorati bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

custom img

Haydovchilar uchun jarima ballari bo‘yicha imtiyozlar borligi aytildi

Haydovchi 12 oy davomida umuman jarima ballari olmasa, keyingi birinchi qoidabuzarlik uchun jarima ballari qo‘llanilmaydi.

custom img

Qashqadaryoda 9 mingdan ortiq fuqaroning uy-joyiga egalik huquqi tan olindi

Bugungi kunga qadar 100 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari xatlovdan o‘tkazilgan.

custom img

“Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga  400 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi.

custom img

Toshkentda Qurilish vazirligi bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi

U Yunusoboddagi uylarni boshqa boshqaruv kompaniyasiga o‘tkazib berish evaziga 2200 dollar talab qilgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"