Qirg‘izistonda sun’iy intellekt asosidagi platforma ishga tushdi
Platforma qirg‘iz tilini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Qirg‘izistonda davlat tilini raqamli muhitda qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Aytıl" nomli sun’iy intellekt platformasi ishga tushirildi. Loyiha ustida to‘rt yildan ortiq vaqt davomida ishlangan.
Platforma matnni ovozga aylantirish, ovozni matnga o‘girish, 10 ta til orasida tarjima qilish, videolarga avtomatik subtitrlar yaratish kabi funksiyalarni taklif etadi. Shuningdek, u Qirg‘iz tilida chatbot yordamchisi va OCR texnologiyasi orqali matnni rasm va hujjatlardan tanib olish imkoniyatiga ega.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, "Aytıl" davlat xizmatlaridan foydalanishni qulaylashtirish, ta’lim tizimiga innovatsiyalarni joriy etish va qirg‘iz tilini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Endilikda platformani davlat muassasalari va ta’lim loyihalari bilan integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.







