Toshkentda bir guruh shaxslar o‘zaro janjallashdi
Holat yuzasidan IIBB maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir nechta fuqarolar o‘zaro janjallashganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 19 iyun kuni soat 22.30 larda Yangihayot tumani O‘zar ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar oldida 2003 yilda tug‘ilgan A.Q, 1999 yilda tug‘ilgan A.J., 2000 yilda tug‘ilgan N.I. va 2003 yilda tug‘ilgan L.S. lar og‘zaki tortishib qolganliklari natijasida tomonlar o‘zaro janjallashib ketganliklari aniqlangan. Janjal natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) alomatlari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.







