O‘zbekistonda endi gaz, suv va “svet” o‘g‘irlaganlar qattiq jazolanadi
Shuningdek, IIV va FVV xodimlariga elektr energiyasidan behuda foydalanish holatlari bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmoqda.

Qonunchilik palatasining 24 iyundagi majlisida yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, tadbirkorlik subyekti tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, tabiiy gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilsa javobgarlikka faqat tashkilotning mansabdor shaxsi tortilmoqda. Bu borada huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni esa javobgarlikka tortish asoslari belgilanmagan.
Xususan, 2024 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan energiyani behuda sarflash bilan bog‘liq 17,6 mingta, gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 7,6 mingta holat aniqlangan.
Bundan tashqari, “O‘zenergoinspeksiya”ning maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlari qonun hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilmagan. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga ham ushbu sohada maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmagan.
Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zenergoinspeksiya”ning maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda xo‘jasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish taklif etilgan. Shuningdek, energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham maʼmuriy huquqbuzarlik subyekti sifatida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksidagi elektr, issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvi tarmog‘idan foydalanish qoidalarini buzish uchun belgilangan jarima miqdori oshiriladi. Belgilangan maʼmuriy jazodan so‘ng takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jazo kuchaytiriladi. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining bir necha moddalariga qo‘shimcha va aniqlashtiruvchi normalar kiritiladi.
2023 yil iyun oyida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, elektr, issiqlik, gaz yoki ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etganlarga BHM 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazo choralari ko‘rilishi mumkin.







