Tanzila Narbayeva haqida yolg'on xabarlar tarqatilmoqda
Senat holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva go‘yoki “O‘zbekiston fuqarolarining maxsus harbiy operatsiyalarda ishtiroki qonuniy hisoblanadi” degan mazmundagi bayonot bergani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati bu xabarlarni rad etdi.
Senat rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, Narbayeva tomonidan bunday mazmunda hech qanday bayonot berilmagan. Tarqatilgan ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Axborot xizmati bu kabi yolg‘on xabarlarni tarqatish jamoatchilikni chalg‘itishga urinish ekanini bildirib, ularni keskin rad etdi.
Fuqarolardan yolg‘on va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslik, faqat rasmiy manbalar orqali berilgan axborotlarga tayanish so‘raladi.







