Toshkentda o‘zini tartibga chaqirgan qizni haqoratlagan yigitga chora ko‘rildi
Yigitning hovuzdan baliqni olganiga qiz eʼtiroz bildirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda hovuzdagi baliqni qo‘li bilan ushlagan yigit unga eʼtiroz bildirgan ayolni haqorat qilganligi holati aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 23 iyun kuni soat 22:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan istirohat bog‘larining birida 2003 yilda tug‘ilgan M.Sh. hovuzdagi baliqni suvdan chiqargan holda qo‘li bilan ushlab olgan. Uning bu harakatiga 2000 yilda tug‘ilgan D.A. eʼtiroz bildirgan va baliqni suvga qo‘yib yuborishini so‘ragan. Biroq M.Sh. jamoat joyida bo‘la turib, D.A ga uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan fuqaro M.Sh. ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) alomatlari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan.







