O‘zbekistonda muxolifat kuchaytirilmoqda
Senat parlamentdagi muxolifat huquqlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qonunni tasdiqladi.

O‘zbekiston Senatining sakkizinchi yalpi majlisida parlamentdagi muxolifat huquqlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qonun ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun siyosiy partiyalar o‘rnini mustahkamlash, so‘z erkinligini ta’minlash va parlament ishini yanada demokratlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va siyosiy partiyalar faoliyatini tartibga soluvchi beshta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Endilikda o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga yetmasdan turib, muqobil tahrir kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa parlamentda turli fikr va yondashuvlarga yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, muxolifat vakillari:
Qonunchilik palatasidagi bir qo‘mita raisligi,
Ikki qo‘mita rais o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallaydi,
Har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida masala ko‘tarish huquqiga ega bo‘ladi.
Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi parlament nazorati va qonun ijodkorligini kuchaytirishini, ayniqsa muxolifatning o‘rnini aniq va amaliy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Xalq demokratik partiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan edi.
Shuningdek, 2024-yil noyabr oyida prezident parlamentdagi muxolifat faolligini oshirish zarurligini ta’kidlagan va sog‘lom siyosiy raqobat xalq manfaatlariga mos qonunlar qabul qilinishiga xizmat qilishini alohida urg‘ulagan edi.
5-may kuni esa Liberal-demokratik partiya va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi birlashib, “Taraqqiyot bloki”ni tuzgani muxolifat va hukumat bloki o‘rtasidagi siyosiy tafovutlarni yanada aniqroq ko‘rsatmoqda.







