O'zbekiston

“Sanksiyalar siyosatining salbiy taʼsirini biz O‘zbekistonda to‘liq his etmoqdamiz”

Shavkat Mirziyoyev Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida nutq so‘zladi.

“Sanksiyalar siyosatining salbiy taʼsirini biz O‘zbekistonda to‘liq his etmoqdamiz”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishidagi nutqi eʼlon qilindi.

 

“Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! Avvalo, anʼanaviy samimiy qabul va bugungi uchrashuvimizni yuqori darajada tashkil etgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti hurmatli Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

 

Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida Belarus tomonining samarali raisligini, bu davrda ko‘ptomonlama amaliy hamkorlik sezilarli tarzda faollashganini taʼkidlamoqchiman.

 

Bugun hamkasblarimning nutqlarida jahon iqtisodiyotida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatga baho berildi. Proteksionizm va sanksiyalar siyosatining kuchayishi, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va xorijiy sheriklarning investitsiyaviy faolligi qisqarib borishi oqibatlarining salbiy taʼsirini biz O‘zbekistonda to‘liq his etmoqdamiz.

 

Bizning tabiiy va anʼanaviy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidlab o‘tmoqchiman.

 

Fursatdan foydalanib, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumini qo‘llab-quvvatlagani va ularning ishida delegatsiyalaringiz faol ishtirok etgani uchun barcha hamkasblarimga minnatdorlik izhor etaman.

 

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishildi, kooperatsiya bo‘yicha yangi yo‘nalishlar va istiqbolli loyihalar belgilandi. Biz mamlakatlarimizning yana-da ko‘proq yetakchi kompaniyalari va moliyaviy guruhlarini jalb etgan holda, ushbu hamkorlik maydonchalarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

 

Sizlarga O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ko‘ptomonlama hamkorligi qanday rivojlanayotgani haqida qisqacha maʼlumot bermoqchiman.

 

Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yillik hamkorlik davrida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o‘sdi va o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 18 milliard dollarni tashkil etdi. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchimanki, savdo operatsiyalari nomenklaturasi, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berish hisobidan kengaymoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar o‘sdi.

 

Joriy yilning mart oyida Qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning yakunida texnik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

 

Biz 40 ta aniq chora-tadbirni qamrab olgan, uch yilga mo‘ljallangan yangi rejani amalga oshirishga kirishdik.

 

O‘zbekiston, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining muhim tashabbuslarida, jumladan, “Yevroosiyo agro ekspress”, elektron savdoni rivojlantirish, yuklarni tashishni raqamlashtirish va iqlim masalalari kabi loyiha va dasturlarda faol ishtirok etmoqda.

 

Aprel oyida barcha tartib-taomillarni yakuniga yetkazdik va Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi bitimga qo‘shildik. Bank bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo sohalari va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda. 

 

Hurmatli hamkasblar!

 

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tmoqchiman.

 

Biz o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishga muhim ahamiyat qaratamiz.

 

O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo hududi faoliyatini taʼminlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq hajmda bajarmoqda.

 

Savdo operatsiyalari tartib-taomillarini soddalashtirish va texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarimiz ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilishini tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

 

Biz, shuningdek, savdoni qo‘llab-quvvatlashda texnik tartibga solishning raqamli tizimlari va Ittifoqning raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabi vosita va mexanizmlarga qo‘shilishdan manfaatdormiz. Bu bizning biznesimiz uchun sharoitni sezilarli darajada yengillashtiradi, mamlakatlarimizning tovar bozorlariga o‘zaro kirishida qulay imkoniyatlarni taʼminlaydi.

 

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt jadal rivojlanib borayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasida ko‘ptomonlama hamkorlik qilish istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.

 

Elektron savdo, mahsulotlarning raqamli markirovkasi, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilishni taklif etamiz.

 

Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham taʼkidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.

 

Texnik jihatdan biz bunday loyihalarda faol ishtirok etishga tayyormiz.

 

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.

 

Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.

 

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z, avvalo, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, “yashil” yo‘laklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi.

 

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat resurslari tartib-taomillarini soddalashtirish va safarbar etilishini oshirish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan sohalarda professional standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazishni taklif etamiz.

 

Agar hamkasblarimiz qo‘llab-quvvatlashsa, biz Tashkilot doirasida joriy etilgan “Chegara bilmaydigan ish” integratsiyalashgan platformasiga ham qo‘shilamiz.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

 

So‘zimning yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida biz amaliy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor tasdiqlayman.

 

Aminmanki, O‘zbekistonning yuqorida taʼkidlab o‘tilgan ko‘ptomonlama dastur va loyihalarda ishtirok etishi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi va bugungi sharoitda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga imkon beradi”, deyiladi nutqda.

custom img

Qaysi OTM bitiruvchilari eng ko‘p daromad olmoqda?

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi 170 ta OTMning 249 mingdan ortiq bitiruvchisi mehnat bozoridagi natijalarini o‘rgandi.

custom img

Qatarda o‘zbekistonliklar uchun 5 500 dollargacha maoshli ish o‘rinlari taklif etildi

Ish beruvchi aviachipta, ishchi vizasi, aeroport transferi va tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi.

custom img

Jizzaxda qariyb 14 kg “opiy”ni sotish va tarqatishni rejalashtirgan shaxslar ushlandi

Uch nafar shaxs Tojikistondagi narkokuryerlar qoldirgan narkotik moddalarni olib, ularni sotish orqali daromad orttirishni rejalashtirgan.

custom img

Toshkent viloyatida hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

U imtiyozli kredit ajratib, o'z ehtiyohlari uchun sarflab yuborgan.

custom img

O‘zbekistonda ortib qolgan 1-sinf o‘quv qurollari bog‘chalarga beriladi

Yaroqlilik muddati tugaydigan ortiqcha o‘quv qurollari davlat bog‘chalarining maktabga tayyorlov guruhlariga ajratiladi.

custom img

O‘zbekistonda telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi belgilandi

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar pul yuborishda oluvchining bank hisobvarag‘i yoki bank kartasi rekvizitlarini kiritishi shart bo‘lmaydi.

custom img

“Ushbu tashrif yana bir muhim sahifani ochdi”: Saida Mirziyoyeva Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi haqida

Saida Mirziyoyeva Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi haqida fikr bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari va imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning ahamiyatini qayd etdi.

custom img

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"